Markaziy bank tijorat banklarining bank plastik kartasiga naqd pul mablag‘larini kirim qilishda undiradigan komissiyasiga aralashmaydi. Bu haqda 27-mart kuni regulyator raisining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev media-muloqotda ma‘lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Muloqotda jurnalist 1-apreldan ayrim to‘lovlar naqdsiz amalga oshirilishi, biroq bankomatlar orqali naqd pulni kartaga kirim qilishda ayrim banklarda belgilangan yuqori komissiyalar aholiga noqulayliklar tug‘dirishi mumkinligini ta’kidlab, bu nima uchun inobatga olinmaganini so‘radi.

“Markaziy bank sog‘lom raqobat nuqtai nazaridan ham tijorat banklarining komissiya o‘rnatish yoki o‘rnatmaslik tartibiga aralasha olmaydi. Qaysi bank kartani to‘ldirish 3% degan bo‘lsa, demak, bu bankga siz ham, boshqalar ham bormaydi. Bank esa o‘z mijozlarini yo‘qotmasligi uchun ham o‘z kuzatuv kengashi va boshqaruvi bilan komissiyasini qayta ko‘rib chiqishi, menimcha, maqsadga muvofiq bo‘ladi”, — dedi u.

Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, 2025-yildan banklar tomonidan ajratilayotgan kredit va depozitlar haqidagi ma’lumotlarning e’lon qilib borilishi natijasida fuqarolar banklarning eng maqbul takliflarini tanlay boshlagan.

Shuningdek, Nodirbek Saydullayev banklar va to‘lov tashkilotlari aholiga qulaylik yaratish uchun cash-in va cash-out bankomatlari sonini ko‘paytirishi muhimligini qayd etdi. Uning aytishicha, bankomatlar yetishmovchiligi sababli 2024-yilda Tartibga solish qumdoni doirasida to‘lov tashkilotlariga terminallar orqali ham pul qabul qilishga ruxsat berilgan. Hozirda joylarda 17 990 dan ortiq agentlar maxsus terminallar orqali naqd pulni kirim qilish va yechib olish xizmatlarini ko‘rsatmoqda.

U banklar va to‘lov tashkilotlari biznes nuqtayi nazaridan turli aksiyalarni joriy etishi mumkinligini bildirib, Markaziy bank endilikda naqd pul bilan bog‘liq bank xizmatlari — kirim va chiqim operatsiyalari bo‘yicha komissiyalar haqidagi ma’lumotlarni har oy muntazam e’lon qilib borishini ma’lum qildi.

Avvalroq Markaziy bank 10,3 mln so‘mdan yuqori to‘lovlar nazoratini kuchaytirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.