AQSHning Oracle kompaniyasi O‘zbekistonda bulutli xizmatlarni joriy qilishi mumkin. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AQSHga xizmat safari doirasida Oracle kompaniyasining hukumat ishlari bo‘yicha boshqaruvchi direktori Ellison O‘Brayen bilan uchrashdi
Uchrashuvda “O‘zbekiston-2030” raqamli transformatsiya strategiyasi, mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish va bulutli texnologiyalar bozori masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar bulutli xizmatlarni nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda keng joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Bu, o‘z navbatida, raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, IT-xizmatlar eksportini oshirish va mahalliy startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.


2025-yil yanvar oyida orezident “bulutli” (Cloud) texnologiya asosida ishlovchi ma’lumotlarni qayta ishlash markazini yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishni topshirgandi.
Unga ko‘ra, bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank, Adliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Kiberxavfsizlik markaziga topshiriq berildi. 2025-yilning mart oyigacha amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.
Bunda takliflar shaxsga doir hamda maxfiy ma’lumotlarni va bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni axborot xavfsizligi hamda kiberxavfsizlikni ta’minlagan holda ishlab chiqilishi belgilangan.
Dekabr oyida prezidentning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishida “TBC Bank Group"ning xalqaro biznes bo‘limi rahbari Oliver Xyuz davlat rahbariga bank ma’lumotlarini saqlash talablarini yumshatish taklifini bildirgandi.
Oliver Xyuz banklarga o‘rnatilgan shaxsga doir va bank ma’lumotlarini saqlash bo‘yicha qat’iy talablar mamlakatda texnologik kompaniyalarning rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkinligini qayd etdi.
Undan keyin, 27-dekabr kuni prezident huzurida bo‘lib o‘tgan sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha taqdimotda 2025-yilda Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida “bulutli” ma’lumotlar markazi ishga tushirilishi ma’lum qilindi.
Oracle — bulutli infratuzilma (OCI), korporativ dasturiy ta’minot (ERP, HCM, SCM) va relyatsion ma’lumotlar bazasini boshqarishning flagman tizimiga ixtisoslashgan yetakchi transmilliy texnologiya kompaniyasidir. 1977-yilda tashkil etilgan kompaniya bank, sog‘liqni saqlash va chakana savdo kabi sohalar uchun sun’iy intellektga asoslangan, integratsiyalashgan bulutli ilovalarni taqdim etadi.

