Shavkat Mirziyoyev 27-dekabr kuni sun’iy intellekt texnologiyalarini hamda telekommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha rejalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

So‘nggi yillarda raqamli texnologiyalar sohasida $3 mlrd investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 2017-yilga nisbatan 8,5 barobar o‘sib, ularning soni mingtadan oshgan. Soha vakillarining har o‘ntadan bittasi shunday xalqaro korxona hissasiga to‘g‘ri keladi. 7 yil avval 12ta eksportchi korxona bo‘lgan bo‘lsa, bu yil 650ta bo‘ldi. Yil yakuni bilan IT va aloqa xizmatlari eksporti $900 mlndan oshadi.

Sun’iy intellekt texnologiyasi asosida 20dan ortiq loyihalar ishga tushdi. Tarmoq va yirik korxonalar bo‘yicha yana 70ta loyiha ishlab chiqildi. Sun’iy intellektga tayyorlik xalqaro indeksida O‘zbekiston 17ta pog‘onaga ko‘tarildi. Taqdimotda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov kelgusi yilga mo‘ljallangan rejalar haqida axborot berdi.

Xususan, 2025-yilida Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida “bulutli” ma’lumotlar markazi ishga tushiriladi. Startaplarga sharoit yaratish uchun Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Inxa universitetida sun’iy intellekt bo‘yicha laboratoriyalar ochiladi. Davlat idoralarining 3 ming nafar xodimi, hokimlar va o‘rinbosarlarining malakasi oshiriladi.

Mutasaddilarga sun’iy intellekt asosida ishlaydigan loyihalar sonini 100taga, dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmini $50 mlnga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Joriy yilda telekommunikatsiya xizmatlari hajmi 16%ga oshib, 21 trln so‘mga yetdi. “O‘zbektelekom” kompaniyasi daromadi 9 trln so‘mdan oshgan. Kompaniya kelgusi yil boshqaruvni to‘liq raqamlashtirib, xarajatlarni iqtisod qilishi, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy etib, xalqaro reytingni olishi zarurligi ta’kidlandi.

“O‘zbekiston pochtasi” (UzPost) tushumlari 1,4 barobar, eksporti 20%ga oshgan. Yangi turdagi xizmatlar joriy qilingani natijasida jo‘natmalar soni 50%ga ko‘paygan.

Rejaga ko‘ra, kelasi yil 1 600ta pochta bo‘linmasida elektron tijorat mahsulotlarini topshirish yo‘lga qo‘yiladi. YTTB mablag‘i hisobidan raqamli saralash markazi ochilib, tovar va pochta jo‘natmalariga ishlov berish sifati yaxshilanadi.

Telekommunikatsiyalar to‘g‘risidagi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Uning asosida barcha tarmoq va hududlar kesimida raqamlashtirish bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqilishi belgilandi.

Jumladan, kelgusi yilda 6 mingta yangi tayanch stansiya quriladi. 30 ming km optik tolali kabellar tortilib, qamrov 98% yetkaziladi. Shu bilan birga soha eksportini $1,2 mlrdga yetkazish choralari ko‘riladi.

Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi haqidagi qonun ishlab chiqilishi soha rivoji uchun katta yangilik bo‘lishi qayd etildi. “Enterprise Uzbekistan” nomli markazda “ingliz huquqi” tamoyillari, kapitalning erkin harakati, xalqaro standartdagi mehnat munosabatlari, xorijiy bank filiallari yo‘lga qo‘yilmoqda.

Taqdimotda sun’iy intellektga doir qonuniy asoslarni yaratish, raqamli texnologiyalar sohasida ta’limni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Avvalroq “Spot” Oliver Xyuz banklarga foydalanuvchilar ma’lumotlarini bulutda saqlashga ruxsat berishni taklif qilgani haqida yozgandi.