Senatda “Telekommunkatsiyalar to‘g‘risida"gi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

11-mart kuni o‘tkazilgan majlisda Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi mazkur qaror loyihasini ko‘rib chiqdi.

Yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarning ayrimlarida tegishli infratuzilma ko‘zda tutilmagani sabab, qayta qurilish ishlarini olib borishga to‘g‘ri kelmoqda. Buning oldini olish uchun keyingi bino va inshootlar qurilishida yangi telekommunikatsiya infratuzilmasi majburiy bo‘ladi.

Fuqarolar arizasi asosida xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar mavjud infratuzilmadan beg‘araz foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Operatorlarga telekommunikatsiya infratuzilmasi obyektlaridan birgalikda foydalanishga ruxsat beriladi.

Qonun bilan sohada faoliyat yurituvchilarga qulayliklar yaratilmoqda. Unga ko‘ra endi bank, to‘lov tizimi, to‘lov tashkiloti, elektron tijorat platformasi ilovalari orqali xizmatlarni ko‘rsatishda telekommunikatsiyalar sohasida faoliyat yuritish uchun litsenziya talab etilmaydi.

Bundan tashqari, qonun normalari Konstitutsiyaga moslashtirilib, telekommunikatsiyalar sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib, internetdan foydalanishni ta’minlashda sharoitlarni yaratish belgilanmoqda.

Qo‘mita a’zolari va ekspertlar tomonidan tegishli vazirlik va idora mas’ullariga savollar berildi. Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Avvalroq barcha davlat idoralarida energiya menejeri lavozimini joriy etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Amaldagi rahbar o‘rinbosarlaridan biriga energiya samaradorligi va energiya tejamkorligi bo‘yicha vazifalar yuklatiladi.