Energetika vazirligi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni tezlashtirishga qaratilgan prezident qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Kelasi yildan barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarida energiya menejeri (Energy Efficiency Manager) lavozimi tashkil etilishi belgilanmoqda.

Bunda amaldagi rahbar o‘rinbosarlaridan biriga energiya samaradorligi va energiya tejamkorligi bo‘yicha vazifalar yuklatiladi.

Rahbariyat uchun energiya resurslarini tejash va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni joriy etish bo‘yicha asosiy ko‘rsatkichlar (KPI) ishlab chiqiladi.

Energetika vazirligi markaziy apparatida umumiy shtatlar soni doirasida tarkibiy bo‘linma tashkil etiladi. Bo‘linma barcha tashkilot va korxonalarda energiya resurslari iste’molining tahlilini o‘tkazish bilan shug‘ullanadi.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Energetika vazirligi, Energetika vazirligining viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari (hududiy boshqarmalar) tashkil etiladi.

Hududiy boshqarmalarning jami shtatlar soni 70tani tashkil etib, ular ma’muriy islohotlar doirasida maqbullashtiriladigan shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi.

Shuningdek, hududiy boshqarma quyidagi xodimlardan iborat bo‘ladi:

  • 1 nafar rahbar;
  • elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha 1 nafar mutaxassis;
  • tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha 1 nafar mutaxassis;
  • mahalliy va import ko‘mir ta’minoti bo‘yicha 1 nafar mutaxassis;
  • qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya samaradorligi bo‘yicha 1 nafar mutaxassis.

Hududiy boshqarmalar faoliyati joriy yilda Energetika vazirligi huzuridagi Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan, 2025-yildan budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Qaror loyihasi bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.

Yanvar oyida davlat rahbari Investitsiya kompleksiga kiruvchi vazir va hokimlarning rejalari va natijalari sust bo‘lgan o‘rinbosarlari ishdan bo‘shatilishini qayd etgandi. Ularga aniq KPI belgilanib, shundan keyin bir yil muddatga shartnoma asosida ishga olinadi.