Qonun bilan “Shaxsga doir maʼlumotlar to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ayrim shaxsga doir ma‘lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shart.

Bunga biometrik va genetik ma‘lumotlar, shuningdek, telekommunikatsiya operatorlari xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarning ma‘lumotlari kiradi.

Quyidagi toifadagi shaxsga doir ma‘lumotlar ayrim shartlar bajarilganda O‘zbekistondan tashqarida saqlanishi va qayta ishlanishi mumkin.

Bunday holat, agar chet davlat ma‘lumotlarni yetarli darajada himoya qiluvchi davlat sifatida tan olingan bo‘lsa, ruxsat etiladi.

Shuningdek, operator vakolatli organ tasdiqlagan standart shartnomaviy majburiyatlar yoki korporativ qoidalarga amal qilganda ham bunga yo‘l qo‘yiladi.

Bundan tashqari, operator xalqaro standartlarga rioya etsa va ular vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlangan bo‘lsa, ma‘lumotlarni xorijda saqlash mumkin.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Shaxsga doir ma‘lumotlar

Prezident o‘tgan yilning noyabrida AQSHga tashrifi chog‘ida ushbu mamlakat kompaniyalari bilan raqamli platformalarni tartibga solish va shaxsiy ma‘lumotlarni himoya qilish bo‘yicha qonunchilik yangilanayotganini maʼlum qilgandi.

2024-yilning oktabr oyida hukumat Turizm qo‘mitasi, Markaziy bank va Raqamli texnologiyalar vazirligiga Alipay, Apple Pay, Google Pay, Paypal, UniPay xalqaro to‘lov xizmatlarini O‘zbekiston to‘lov tizimlari va xizmatlariga ulash bo‘yicha muzokaralar olib borishni topshirgandi. Shu bilan birga, milliy qonunchilik talablarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritish belgilangandi.

2025-yilning avgust oyida TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani Apple Pay va Google Pay bulutli xizmatlarni cheklovchi shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun tufayli O‘zbekiston bozoriga kira olmayotganini qayd etgandi. BILLZ bosh direktori Rustam Hamdamov esa mamlakatda ma’lumotlarni saqlash xarajatlari yuqoriligi va zamonaviy ma’lumotlar markazlari yetishmasligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, MyTaxi va Express24 asoschisi Akmal Paizievning fikricha, bulutli xizmatlarning yo‘qligi hamda infratuzilma muammolari sababli iste’dodli startaplar qo‘shni davlatlarga chiqib ketmoqda, xorijiy kompaniyalar esa mamlakat bozorini chetlab o‘tmoqda.

Joriy yilning 20-yanvarida deputatlar ushbu qonun loyihasini tasdiqlagandi.

Fevral oyi boshida esa Senatning 13-yalpi majlisida “Shaxsga doir maʼlumotlar to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida"gi qonun maʼqullangan edi.


Spot, avvalroq, Markaziy bank 10,3 mln so‘mdan yuqori to‘lovlar nazoratini kuchaytirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.