Toshkent shahrida noqonuniy tashqi reklamalar, shu jumladan, peshlavhalarga qarshi reydlar davom etmoqda. Reydlar natijasida poytaxt ko‘chalarining ayrimlaridagi ko‘plab do‘kon, kafe va restoranlar peshlavhalari demontaj qilindi.
Spot peshlavhalari olib tashlangan tadbirkorlarning fikrlarini o‘rganish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazdi. Ulardan ayrimlari jarayonlar ogohlantirishlarsiz amalga oshirilganini ta’kidlashsa, ayrimlari ogohlantirish bo‘lganini bildirdi.
Bundan tashqari, biznes demontaj ishlari ular faoliyatiga to‘sqinlik qilayotganini, tadbirkorlarning erkin ishlashiga imkon yaratish zarurligini qayd etishdi. Ularning fikricha, nazorat tadbirlari, reklama qurilmalarini buzish ishlari tegishli tartibda amalga oshirilishi zarur.
“Bizga qimmatga tushyapti”
“Bizlarni dekabrda ogohlantirishgandi, undan keyin bannerlarning hammasini olib qo‘ydik. Hozir ularni qayta qo‘yish uchun davlat qanday loyiha taqdim etadi — bir xilmi yoki har xil — kutib turibmiz. Lekin bu bizlarga sal qimmatga tushishi aniq. Chunki peshlavhani yasatish, o‘rnatish va boshqa xarajatlar bor. Hokimiyatga, davlatga pul tushishi mumkin, biroq bu biznesga biroz ta’sir qiladi, ularni ham qo‘llab-quvvatlash kerak. Menimcha, o‘z brendini yaratib, endi ishlashni boshlagan tadbirkorlarga peshlavhalarni oldirib tashlash, almashtirish, yana olti oydan keyin qanaqadir qonun-qoidalar bilan [tartib] o‘zgarsa, zarar bo‘ladi”, — dedi tadbirkorlardan biri.
Yana bir biznes vakili peshlavhalarni yasatish xarajatlari 10−15 mln so‘mgacha borishini ta’kidladi. Ularning olib tashlanishi tadbirkor faoliyatini biroz to‘xtatib, savdo obyektlariga mijozlar oqimini kamaytirgan. Bu esa o‘z-o‘zidan tushum pasayishiga olib kelgan.
Hunarmandchilik bilan shug‘ullanuvchi boshqa bir tadbirkor peshlavhalar olib tashlanganiga bir yarim-ikki oydan oshganiga qaramay, haligacha ularni qanday tartib asosida o‘rnatish bo‘yicha aniq tavsiya berilmayotganini bildirdi. Uning fikricha demontaj ishlari reja asosida bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerak edi.
“Tabdirkorlar reklama orqali mijoz chaqiradi, hozir odamlar yozuvsiz bu yerda qanday do‘kon borligini bilmaydi ham. Peshlavhalarni olmasdan oldin „buni qisqa muddatda o‘zgartirishingizga to‘g‘ri keladi, bunday qiling“, deganda, bizga yaxshiroq bo‘lardi. Shahar ko‘rki uchun hammada bir xil yozuv bo‘lgani yaxshi, biz ma’qul ko‘ramiz, qarshiligimiz yo‘q. Lekin tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlaydigan bir paytda bu kabi harakatlar faoliyatimizga to‘sqinliklarni keltirib chiqaradi. Aksincha, tadbirkorlarga erkinlik beriladigan bir paytda reklama birinchi o‘rinda turishi kerak”, — dedi hunarmand.
So‘rovnomaning video formatini batafsil quyidagi havola orqali ko‘rish mumkin:
Peshlavhalar demontaji
Toshkent shahar hokimligida Spot’ga tushuntirish berishlaricha, hajmi bir kvadrat metrdan katta bo‘lgan peshlavhalar, garchi ularda kompaniya yoki brend nomi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, reklama hisoblanadi.
Bunday reklamani qonuniy joylashtirish uchun reklama joyining pasporti rasmiylashtirilishi kerak. Uni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali olish mumkin. Hokimlik bu jarayon bo‘yicha yo‘riqnomani 2025-yil dekabr oyida e’lon qilgan.
Biroq tadbirkorlarning aytishicha, amalda bu tizim to‘liq ishlamayapti — portal orqali yuborilgan arizalar ko‘pincha ko‘rib chiqilmay qolmoqda.
Tekshiruvlar Toshkent dizayn-kodini joriy etishga tayyorgarlik bilan ham izohlanmoqda. Ushbu hujjat fasadlar, peshlavhalar va shahar muhitini bezash bo‘yicha yagona talablarni belgilashi kerak. Ammo reydlar o‘tkazilayotgan paytda dizayn-kod hali kuchga kirmagan edi.
Shahar ma’muriyatiga ko‘ra, tadbirkorlarga avvalo qoidabuzarlikni bartaraf etish va reklama konstruksiyasini ixtiyoriy ravishda olib tashlash bo‘yicha ko‘rsatma beriladi.
Shunga qaramay, reklamalarning demontaj qilinishi biznes vakillarining noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Ayrim tadbirkorlarning ta’kidlashicha, reydlar oldindan ogohlantirishsiz o‘tkazilmoqda, konstruksiyalar esa qo‘pol tarzda, ba’zan mulkka zarar yetkazilgan holda olib tashlanmoqda.
Bundan tashqari, biznes vakillari tekshiruvlar chog‘ida nafaqat reklama bannerlari, balki ularning fikricha faqat axborot berish vazifasini bajaradigan belgilar ham demontaj qilinayotganini aytmoqda. Ba’zi hollarda reklama mazmuniga ega bo‘lmagan do‘kon nomlari, logotiplar yoki ko‘rsatkichlar — masalan, “Dorixona” kabi yozuvlar ham olib tashlangan.
Avvalroq Spot reydlar davomida peshlavhalari demontaj qilingan tadbirkorlar bilan suhbatlashgandi. Ular tekshiruvlar qanday o‘tgani, rasmiy ogohlantirish berilgan-berilmagani hamda hokimiyat peshlavhalarni joylashtirishning keyingi qoidalari haqida biznes vakillariga qanday tushuntirishlar berganini so‘zlab berdi.