O‘zbekistonda islomiy bank tizimini joriy etish bo‘yicha qonun qabul qilindi, deb xabar berdi Markaziy bank matbuot xizmati.
27-mart kuni prezident mazkur hujjatni imzolab, islomiy bank faoliyatini joriy etishga yo‘naltirilgan islohotlarga start berdi.
Hujjat bilan Soliq va Fuqarolik kodekslari hamda 7 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, qonunchilikka islomiy bank faoliyati, islomiy moliya operatsiyalari, islomiy moliya standartlari hamda investitsiyaviy omonat (depozit) tushunchalari kiritilmoqda.
Islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya joriy qilinib, mazkur litsenziyani olish bo‘yicha aniq talablar o‘rnatiladi.
Litsenziyaga ega banklar tomonidan amalga oshiriladigan islomiy moliya operatsiyalari ro‘yxati keltiriladi.
Islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarga bevosita savdo faoliyatini amalga oshirishga hamda yuridik shaxslarni tashkil etish va yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi ulushlarni yoki aksiyalarni cheklovlarsiz olishga ruxsat beriladi.
Islomiy moliya faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida Markaziy bank va banklarda islomiy moliya kengashi tashkil etiladi. Shu bilan birga, uning faoliyatiga doir talablar belgilanadi.
Bundan tashqari, islomiy moliya operatsiyalariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari belgilab berilmoqda.
Qonunga ko‘ra, bankning islomiy moliya operatsiyalariga quyidagilar kiradi:
- foydani taqsimlash sharti asosida mijozni moliyalashtirish yoki pul mablag‘larini investitsiyaviy omonatlarga jalb etish;
- vakillik shartnomasi orqali pul mablag‘larini berish yoki investitsiyaviy omonatlarga jalb etish;
- tovarni nasiyaga sotish orqali mijozni moliyalashtirish;
- tovarlar uchun oldindan haq to‘lash orqali mijozni moliyalashtirish;
- birgalikdagi faoliyatni (sherikchilik) amalga oshirish yoki yuridik shaxslarning ustav kapitalida ishtirok etish orqali mijozni moliyalashtirish;
- mol-mulkni islomiy ijaraga berish (sotib olish huquqi bilan).
Qonun rasmiy e‘lon qilingan kundan e‘tiboran 3 oydan so‘ng — 28-iyundan kuchga kiradi.
O‘zbekistonda islomiy bank
2025-yilning noyabr oyida Qonunchilik palatasi islomiy bank to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilib, Senatga yubordi. Hujjat islomiy banklar uchun alohida litsenziya va oddiy banklarda “islomiy darchalar"ni ochish imkoniyatini nazarda tutadi, shuningdek, asosiy mahsulotlar — Murobaha, Muzoraba, Mushoraka, Vakala va Salam kabi operatsiyalarning asosiy jihatlarini belgilaydi.
Markaziy bank islomiy moliya standartlarini belgilash va banklar huzuridagi shariat kengashlarini nazorat qilish huquqiga ega bo‘ladi. Bunday tashkilotlar uchun soliq imtiyozlari beriladi va ularning notarial harakatlari mol-mulkni rasmiylashtirishda davlat bojidan ozod etiladi.
Spot bilan suhbatlashgan mutaxassislar, shuningdek, islomiy bankingni joriy etish moliyaviy faollikni oshiradi va iqtisodiyotga katta miqdordagi ichki mablag‘larni jalb qiladi, deb hisoblaydi.
Xalqaro ekspert Xondamir Nusratxo‘jayev islom moliyasida foizsiz bankning qanday ishlashi mumkinligini va butun model nima uchun “puldan pul” yaratishga emas, balki haqiqiy aktivlarga asoslanganligini Spot’ga tushuntirib bergandi.
O‘zbekiston-2030 strategiyasi loyihasida mamlakatda 2027-yili birinchi islomiy bank xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi qayd etilgandi.
Joriy yilning fevralida Senat islomiy bank faoliyatini joriy qilishga oid qonunni maʼqullagandi.
Avvalroq O‘zbekistonda 10 dan ortiq bank islom moliyasini joriy etishga tayyorlanayotgani haqida xabar berilgandi.