Aviakompaniyalar neft narxi oshayotgani sababli chiptalar narxini oshira boshladi va yoqilg‘i yig‘imlarini joriy etdi, deya xabar bermoqda Reuters.

Aviatsiya tarmog‘i 2026-yilda foyda rekord darajaga — $41 mlrdga yetishini bashorat qilgan edi, biroq Yaqin Sharqdagi ziddiyat va neft narxining ikki baravar oshishi bu bashoratlarni shubha ostiga qo‘yib, aviakompaniyalarni o‘z strategiyalarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi.

Nashr bilan suhbatlashgan tahlilchilarning fikricha, tashuvchilar reyslar sonini qisqartirib, chipta narxlarini oshiradi. Shu bilan birga, aviatsiya yonilg‘isi narxi oshishini qoplash uchun zarur bo‘lgan narx ko‘tarilishi ko‘lami “juda katta” bo‘ladi.

United Airlines bosh direktori Skott Kirbi aviakompaniyaning yoqilg‘i uchun ortgan xarajatlarini qoplash maqsadida aviachiptalar narxi 20% ga oshishi kerakligini ma’lum qildi.

Reuters nashrining qayd etishicha, ayrim aviakompaniyalar yoqilg‘i yig‘imlarini joriy etgan yoki oshirgan.

Masalan, Gonkongning Cathay Pacific aviakompaniyasi 2026-yilning mart oyida bu ishni ikki marta amalga oshirdi. Endi Sidney-London-Sidney yo‘nalishi bo‘yicha parvoz uchun $800 miqdorida yoqilg‘i yig‘imi undiriladi.

Yaqin Sharqdagi mojaro boshlangunga qadar bu yo‘nalish bo‘yicha borish-kelish chiptalari narxi o‘rtacha $1370 ni tashkil etgan bo‘lsa, endi bu summaga yoqilg‘i yig‘imi ham qo‘shildi, deb qayd etadi nashr.

Tahlilchilarning bashorat qilishicha, neft narxining o‘sishidan eng ko‘p loukosterlar zarar ko‘radi. Ularning yo‘lovchilari chipta narxiga juda sezgir bo‘lib, ayrimlari parvozdan voz kechib, avtobus va poyezd kabi arzonroq muqobillarni tanlashi mumkin.

Financial Times gazetasi 2026-yilning mart oyida yozishicha, AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy operatsiyasi 28-fevralda boshlanganidan beri 20 ta eng yirik aviakompaniya qariyb $53 mlrd kapitallashuvini yo‘qotgan.

Bunga Fors ko‘rfazi aeroportlari ishida kuzatilgan uzilishlar, Emirates, Etihad va Qatar Airways reyslarining bekor qilinishi hamda sayyohlar talabining pasayishi sabab bo‘lgan.


Avvalroq BMT Yaqin Sharqdagi mojaro sababli ochlikdan aziyat chekuvchilar soni ortishi mumkinligi haqida xabar bergandi.

Agar harbiy mojaro iyun oyigacha davom etsa, o‘tkir ocharchilikdan aziyat chekayotganlar soni hozirgi 318 mlndan yana 45 mln kishiga ko‘payadi.