Davlat tibbiyot muassasalari xodimlariga uy-joy va ta‘lim xarajatlarini qoplash bo‘yicha yangi imtiyozlar joriy etilishi mumkin. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan hukumat qarori loyihasida keltirilgan.
Unga ko‘ra, har yili 500 nafar tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joy uchun dastlabki badalning 25%i qoplab beriladi.
Shuningdek, xodimlarning farzandlari uchun OTM bakalavriat bosqichida yillik kontrakt summasining 30%i miqdorida kompensatsiya berilishi rejalashtirilmoqda. Bunda to‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan (6,18 mln so‘m) oshmasligi kerak.
2026-yildan boshlab xodimlar uchun barcha turdagi davlat xizmatlari bo‘yicha to‘lovlar ikki barobarga kamaytiriladi.
Mazkur xarajatlar Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.
Ipoteka subsidiyalari subsidiya.mf.uz tizimi orqali tanlov asosida ajratilib, yakuniy reyestrlar shakllantiriladi.
Shu bilan birga, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Adliya vazirligi banklar bilan birgalikda tegishli axborot tizimlarini Elektron hukumat platformasiga integratsiya qiladi.
Uy-joy uchun subsidiya ajratish bo‘yicha davlat xizmati Yagona portal orqali ko‘rsatiladi.
Bundan tashqari, FHDY axborot tizimi orqali subsidiya.mf.uz platformasida ariza beruvchi va uning farzandi o‘rtasidagi qarindoshlik munosabatlari avtomatik tarzda tekshiriladi.
Qaror loyihasi bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar joriy yilning 9-apreligacha qabul qilinadi.
Fevral oyida oliy toifali o‘qituvchilarga ipoteka kreditining boshlang‘ich to‘lovi qoplab berilishi haqida xabar berilgandi. Bunda mablag‘lar 15 yillik ish stajiga ega pedagoglarga birlamchi uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25%ini qoplashga yo‘naltiriladi.
Spot, avvalroq, 2026-yil mart oyi bo‘yicha banklardagi ipoteka kreditlari haqida yozgandi.