Prezidentning aholini kuz-qish mavsumlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror taʼminlash bo‘yicha qarori qabul qilindi. Hujjat Lex.uz portalida eʼlon qilindi.
Hujjatga ko‘ra, 2026−2027-yillarda Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida kamida 940 gektar maydonda issiqxona majmualari joylashtiriladi.
Energiya tejamkor va muqobil energiya manbalariga asoslangan isitish tizimlari ulushini kamida 50% ga yetkaziladi.
Atmosfera havosiga zararli tashlamalar tashlayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyati bosqichma-bosqich kamaytiriladi.
Sherobod tumanida Surxon-Agro erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi. Uning hududida faoliyat olib boradigan issiqxona xo‘jaliklariga qator imtiyoz va preferensiyalar beriladi.
Jumladan, yer uchastkalari tadbirkorlarga elektron onlayn auksion orqali ijaraga berilganda 5 yil davomida ijara to‘lovining nol stavkasi qo‘llanadi.
Issiqxonalarni sug‘orish va texnologik jarayonlar uchun ishlatiladigan oqova va yerosti suvlari uchun to‘lovlardan 3 yil muddatga ozod etiladi.
Anomal sovuq ob-havo sharoitlari davrida, istisno tariqasida, belgilangan ekologik talablarga rioya qilgan holda ko‘mir yoqishga ruxsat etiladi.
Fevral oyida prezident raisligida o‘tkazilgan Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda viloyatda quyoshda isitiladigan issiqxonalar quradigan tadbirkorlarga yerlar 5 yilga bepul ijaraga berilishi, ular yer osti suvi uchun to‘lovdan 3 yilga ozod etilishi ma’lum qilingandi.
Mart oyida davlat rahbari huzuridagi taqdimotda Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida kamida 940 gektar maydonda agropark tashkil etish rejalashtirilgani aytilgandi. Bu hududda quyosh nurlanishi yuqori, qish nisbatan yumshoq, isitish xarajatlari ancha past bo‘lib, bu mahsulot tannarxini keskin tushirish imkonini berishi taʼkidlangan edi.
Shuningdek, 2026-yil 1-oktabrdan boshlab Toshkent shahri va unga tutash hududlarda yangi issiqxona tashkil etishni cheklash, shu bilan birga, ko‘chirilayotgan xo‘jaliklarga infratuzilma, kredit va logistika bo‘yicha imtiyozlar berish nazarda tutilmoqda.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda issiqxona sohasini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etilishi haqida yozgandi.