Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi M.M.T.X. korxonasiga hisoblangan 100 mlrd so‘mlik yer solig‘i qarzdorligi Biznes-ombudsman aralashuvi bilan bekor qilindi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, soliq organi tadbirkor tomonidan ikki yil avval davlat zaxirasiga qaytarilgan va balansidan chiqarilgan 2951,2 gektar yer maydoni uchun asossiz ravishda soliq hisoblagan.

Ma‘lumotlar bazasidagi xatoliklar sabab tadbirkorning bir necha bor qilgan murojaatlari ko‘rib chiqilmagan.

Murojaat o‘rganilgach, Biznes-ombudsman soliq organlariga tegishli ko‘rsatmalar berdi va qayta hisob-kitob ishlari amalga oshirildi.

Natijada korxonaning shaxsiy hisobvarag‘ida noto‘g‘ri hisoblangan 100 mlrd so‘mlik qarzdorlik bartaraf etildi.

Fevral oyida Qoraqalpog‘istonda transport xizmati ko‘rsatuvchi korxonaga qo‘llanilgan 123,6 mln so‘mlik jarima Biznes-ombudsman aralashuvi bilan bekor qilingandi.

Avvalroq Biznes-ombudsman Toshkentda zaryadlash stansiyalarini tarmoqdan uzish holatlariga izoh bergandi.