Avvalroq prezidentning atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan Toza havo loyihasini amalga oshirish bo‘yicha farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan eski avtomobillarini yangisiga almashtirish istagida bo‘lgan fuqarolarga avtokreditlar uchun yengilliklar berish ko‘zda tutilgan.
Unga ko‘ra, 1-avgustdan trade-in dasturi doirasida eskirgan avtotransportlarni topshirgan jismoniy va yuridik shaxslarga yangi transport vositalarini xarid qilish uchun avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi.
Yil oxirigacha Ekologik transport tizimi doirasida Toshkent shahrining hududi “qizil”, “sariq” va “yashil” zonalariga ajratib chiqiladi.
Noyabr oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan hududlarda ekologik zonalar tashkil etilishi belgilangandi. Ushbu tartib kuchga kirgandan keyin, ekologik zonalarda maxsus yo‘l belgisi o‘rnatiladi, “o‘rta” va “zararli” toifadagi, shuningdek ekologik stikeri bo‘lmagan avtomobillarning harakati taqiqlanadi. Qoidabuzarlik javobgarlikka sabab bo‘ladi.
1-apreldan chang bo‘ronlarining oldini olish uchun Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida “yashil devor"lar barpo etish boshlanadi.
2024-yilning mart oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan aholiga “zararli” toifadagi avtomobillarni “toza” toifadagilariga almashtirish uchun subsidiya berish tizimini joriy etish bo‘yicha hukumatga taklif kiritish topshirilgandi.
Joriy yilning 1-fevralidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan transportlardan foydalanish, ularni qayta ro‘yxatga olish taqiqlanib, ular davlat ro‘yxatidan chiqarildi.
Fevral oyida tasdiqlangan davlat dasturida 20−25 yil davomida foydalanilgan eski transport vositalarini zamonaviy xavfsizlik va ekologiya talablariga javob beradigan avtomobillarga almashtirishni rag‘batlantirish choralari ishlab chiqilishi aytilgandi. Bunda yangi avtomobil xaridida fuqarolarga chegirmalar, soliq imtiyozi va boshqa moliyaviy yengilliklar ko‘zda tutilishi belgilangan.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda motor yoqilg‘isi standartlari bosqichma-bosqich kuchaytirilishi haqida yozgandi.