Avvalroq prezidentning atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan Toza havo loyihasini amalga oshirish bo‘yicha farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan mamlakatda transport tizimini ekologik jihatdan takomillashtirish chora-tadbirlari belgilandi.
Energetika vazirligiga 2026-yil 1-noyabrga qadar O‘zbekistondagi barcha neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiya qilish hamda ularni rivojlantirish dasturini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.
Dastur bunday zavodlarning 2028-yil 1-noyabrga qadar “Yevro-4”, 2030-yil 1-martdan boshlab “Yevro-5” ekologik toifa talablariga muvofiq bo‘lgan motor yoqilg‘ilarini ishlab chiqarishini nazarda tutadi.
Shavkat Mirziyoyev raisligida 23-mart kuni ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan o‘tkazilgan taqdimotda motor yoqilg‘isi standartlarini bosqichma-bosqich kuchaytirish rejalari ma’lum qilingandi.
Shuningdek, Ekologiya qo‘mitasi joriy yil yakuniga qadar “Ekologik transport” tizimi doirasida Toshkent shahrining hududi “qizil”, “sariq” va “yashil” zonalariga ajratib chiqilishini ta’minlashi kerak. 2025-yil noyabr oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan bunday zonalar tashkil etilishi belgilangandi.
Ushbu tartib kuchga kirgandan keyin, ekologik zonalarda maxsus yo‘l belgisi o‘rnatiladi, “o‘rta” va “zararli” toifadagi, shuningdek ekologik stikeri bo‘lmagan avtomobillarning harakati taqiqlanadi. Qoidabuzarlik javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, yil oxiriga qadar poytaxtdagi barcha avtotransport vositalariga ekologik toifasini tasdiqlovchi ekologik stikerlar beriladi. Ichki ishlar vazirligi ekostiker taqdim etilishini ta’minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.
2026-yilning 1-yanvaridan boshlab Toshkentda avtomobilarni “toza”, “o‘rta” va “zararli” ekologik toifalarga ajratgan holda “yashil”, “sariq” va “qizil” rangli stikerlar berish boshlandi. Ularni Yagona portal (my.gov.uz) orqali onlayn olish mumkin. Stikerlar bepul beriladi, faqat pochta orqali qabul qilib olganda BHMning 5%i (20 600 so‘m) miqdorida to‘lov mavjud.
Hozirda ekostikerlarni olish ixtiyoriy bo‘lib, ularga ega bo‘lmagan avtomobillarga jarimalar qo‘llanilmaydi. Biroq, 2028-yildan ekostikerlarni o‘rnatmaganlik uchun jarimalar kuchga kiradi. Spot ekostikerlarni qanday onlayn olish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanma taqdim etgandi.
Avvalroq xorijiy avtomobillar “tonirovka"si uchun majburiy yig‘im undirish tartibi soddalashtirilgani haqida xabar berilgandi.