Prezident 30-mart kuni Toshkent xalqaro moliya markazi ni tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Farmonga ko‘ra, Toshkent xalqaro moliya markazi hamda Markaz tarkibida Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil etiladi.

Markaz hududida moliyaviy, investitsiya va bank faoliyati, sug‘urta, raqamli aktivlar, qimmatli qog‘ozlar, to‘lov tizimlari, islomiy va yashil moliya hamda moliyaviy texnologiyalar bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatish va tranzaksiyalarni amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, auditorlik, konsalting va yuridik xizmatlar ko‘rsatish hamda konstitutsiyaviy qonunga muvofiq boshqa faoliyat turlarini amalga oshirish mumkin.

Markaz hududida konstitutsiyaviy qonun bilan o‘rnatiladigan maxsus huquqiy rejim joriy etiladi.

Markazning boshqaruv organlariga fuqarolik, korporativ, tijorat, moliya, bank, soliq, davlat xaridlari, mehnat huquqi hamda shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish sohasini tartibga soluvchi Markaz hududida tatbiq etiladigan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqi beriladi.

Markaz hududida Angliya va Uels umumiy huquqi hamda adolat tamoyillari to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llaniladi.

Toshkent xalqaro tijorat sudi birinchi instansiya va apellyatsiya sudidan iborat bo‘ladi.

Hujjat bilan yangi tuzilma zimmasiga yuklatilgan vazifalar ro‘yxati, TXMM ishtirokchilarining huquqlari va ularga taqdim etiladigan imtiyozlar tasdiqlandi. Shuningdek, unda bir qator tashkiliy masalalar ham ko‘zda tutilgan.

Markaz Tashkent City majmuasining Islom Karimov shohko‘chasi, Yangi Toshkent tor ko‘chasi va O‘qchi ko‘chasi oralig‘idagi hududni egallaydi.

TXMM hududidagi binolar Markazning boshqaruv organlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida ijaraga beriladi. Boshqaruv organlari esa o‘z navbatida ularni Markaz ishtirokchilariga subijaraga topshiradi.

Asosiy vazifalar

TXMM vazifalari ro‘yxati to‘rtta yo‘nalishni qamrab oladi: investitsiyalarni jalb etish, kapital bozorini rivojlantirish, moliya xizmatlari sohasini rivojlantirish, innovatsiyalar va professional xizmatlar ekotizimini yaratish.

  • Investitsiyaviy yo‘nalishda “qulay, shaffof, raqobatbardosh huquqiy va institutsional muhit” yaratilishini ta‘minlash, shuningdek, korxonalarning zamonaviy moliya xizmatlari sohasiga kirib kelishini soddalashtirish rejalashtirilgan.
  • Kapital bozori yo‘nalishi uning jahon maydonchalari bilan integratsiyalashuvini, qimmatli qog‘ozlar savdosi sohasini va bozorning boshqa segmentlarini jadal rivojlantirishni nazarda tutadi.
  • Moliya xizmatlari sohasidagi vazifalar bank va sug‘urta xizmatlari, islomiy moliya, fintex, elektron tijorat, raqamli va kriptoaktivlar bozorini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.
  • Shuningdek, moliya, audit, konsalting, yuridik xizmatlar sohasida zamonaviy ekotizim yaratish, xorijiy moliya institutlari ko‘magida tartibga solish va nazorat qilish sohalarida ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish vazifasi qo‘yilgan.

Huquq va preferensiyalar

TXMM ishtirokchilari chet el fuqarolarini mehnat faoliyatiga ruxsatnoma olmasdan ishga qabul qila oladi. Ularga shartnomalarga muvofiq pul majburiyatlarini (hisob-kitoblar, ish haqi to‘lash va h.k.) xorijiy valyutalarda yoki kriptoaktivlarda bajarishga ruxsat etiladi.

Markaz xodimlari va ishtirokchilari, shuningdek, ularning oila a‘zolari uchun kirish vizalari maxsus tartibda 5 yilgacha muddatga beriladi.

Shuningdek, Markaz ishtirokchilari Markaz hududidagi faoliyatdan olingan kapital yoki daromadni cheklovlarsiz repatriatsiya qilish huquqiga ega. Soliq organlari va Markaz o‘rtasidagi soliqqa oid munosabatlar TXMMning ichki hujjatlari bilan tartibga solinadi.

2076-yil 1-yanvarga qadar TXMM hududida bir qator soliq imtiyozlari amal qiladi:

  • boshqaruv organlari va ishtirokchilarning Markaz hududida ko‘rsatilgan xizmatlardan (kriptobirjalardan tashqari) olgan daromadlari foyda solig‘i va ijtimoiy soliqdan ozod qilinadi;
  • Markaz organlari foydalanuvidagi obyektlar yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan ozod etiladi;
  • TXMM ichida foydalanish yoki iste‘mol qilish uchun olib kiriladigan tovarlardan import bojlari undirilmaydi.

Markazda ishlayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning ish haqi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi. O‘zbekiston rezidentlari uchun 7% lik soliq stavkasi amal qiladi.

TXMM ishtirokchisi bo‘lgan kompaniyalardagi ulushlarni sotishdan olingan daromadlar soliqlardan ozod qilinadi. Toshkent fond birjasining rasmiy ro‘yxatiga (birja kotirovka varag‘i) kiritilgan qimmatli qog‘ozlarni sotishdan, shuningdek, ular bo‘yicha dividendlar va foizlardan soliq undirilmaydi.

Bundan tashqari, Markaz hududida farmonda nazarda tutilgan faoliyat turlari (sug‘urta, moliya, investitsiya, bank ishi, to‘lov tizimlari, fintex va h.k.) uchun QQSdan ozod etish joriy etilmoqda.

Tashkiliy masalalar

TXMM faoliyatiga Prezident boshchiligidagi kengash rahbarlik qiladi. Uning tarkibiga yetti nafar mansabdor shaxs kiradi:

  • Jamshid Qo‘chqorov — Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri;
  • Jamshid Xodjayev — Bosh vazir o‘rinbosari;
  • Sherzod Ozodzoda — Prezident Administratsiyasi rahbarining tadbirkorlik loyihalari bo‘yicha o‘rinbosari;
  • Laziz Kudratov — investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri;
  • Akbar Toshqulov — adliya vaziri;
  • Timur Ishmetov — Markaziy bank raisi;
  • Dmitriy Li — Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori.

Ulardan tashqari, kengash tarkibiga TXMM boshqaruvchisi, moliyaviy xizmatlar boshqarmasi boshlig‘i va huquq sohasidagi mustaqil ekspert kiradi. Yana uch nafar mustaqil a‘zo — xalqaro moliya markazlari, kapital bozorlari va bank ishi sohasidagi ekspertlar kelishuv asosida tayinlanadi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi 2026-yilda markaz faoliyatiga $20 mln beg‘araz ajratadi.

Kelgusida TXMM faoliyati ko‘rsatiladigan xizmatlardan tushadigan tushumlar, ishtirokchilar tomonidan ajratilgan mablag‘lar va davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi. 2027-yildan boshlab markaz xarajatlari budjetda alohida hisobga olinadi.

Farmon ijrosi uchun mas‘ullik Bosh vazir o‘rinbosarlari Jamshid Qo‘chqorov va Jamshid Xodjayev, Markaziy bank raisi Timur Ishmetov, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda ILMA direktori Dmitriy Li zimmasiga yuklatildi. Bosh vazir Abdulla Aripov va Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ularning faoliyatini nazorat qiladi.

Spot, avvalroq, Islomiy moliyada QQSdan ozod etiladigan xizmatlar turlari ma’lum qilingani haqida yozgandi.