Avvalroq Markaziy bank tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqqani haqida xabar berilgandi.
Regulyator matbuot xizmati loyiha bo‘yicha izoh berdi. O‘zgartirishlarning asosiy maqsadlari sifatida bank tizimida tavakkalchilikka asoslangan zamonaviy ichki nazorat tizimini yaratish va uning mexanizmlarini FATF tavsiyalariga moslashtirish ko‘rsatildi.
Xususan, to‘lovlar, pul o‘tkazmalari va naqd pul yechib olish to‘g‘risida uzatiladigan ma‘lumotlarning tarkibi va hajmiga qo‘yiladigan talablar xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilmoqda.
Hujjat amaldagi mezonlar asosida shubhali deb topilgan va miqdoriy cheklovlarga ega bo‘lmagan operatsiyalarni kompleks tahlil qilish tartibini mustahkamlaydi. Bunda operatsiyaning maqsadlari va pul mablag‘larining kelib chiqish manbalarini aniqlashga oid normalar faqat shubhali operatsiyalarga nisbatan qo‘llaniladi.
Bu har bir tranzaksiyani avtomatik tekshirishni anglatmaydi, deya ta‘kidladi MB. O‘zgartirishlar “barcha operatsiyalar ustidan nazorat o‘rnatish uchun emas, balki to‘lovlar shaffofligini va zarur hollarda operatsiyalarning kuzatuvchanligini ta‘minlash uchun” kiritilmoqda.
Ichki nazorat choralari tavakkalchilikka asoslangan yondashuvga qat‘iy muvofiq ravishda qo‘llaniladi. Ularni faqat zaruratga ko‘ra yoki shubhali operatsiyalar yuzaga kelganda ishga solish taklif etilmoqda.
“Mazkur loyiha moliyaviy tizimdan noqonuniy maqsadlarda foydalanish xavfini kamaytirish, shu bilan birga halol mijozlar uchun ortiqcha to‘siqlarni yuzaga keltirmaslik tamoyiliga asoslanadi”, — deya qo‘shimcha qildi MB.
Shuningdek, regulyator ayrim harakatlarga qo‘yiladigan talablarni yumshatuvchi bir qator normalarni alohida qayd etdi. Xususan, fuqarolar banklardan $500 gacha bo‘lgan valyutani hujjat taqdim etmasdan sotib olishlari, identifikatsiyalash zarurati tug‘ilganda esa Yagona portaldagi yoki “Ijtimoiy karta” ilovasidagi pasport yoxud ID-kartaning elektron nusxasidan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
Spot, avvalroq, Markaziy bank fevralda 11 ta bankni jarimaga tortgani haqida yozgandi.