Orient Silk Road Express sayyohlik poyezdi Toshkentdan yo‘lga chiqdi, debxabar berdi O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi matbuot xizmati.

Taʼkidlanishicha, “g‘ildirakdagi mehmonxona” sifatida e‘tirof etiladigan poyezd 2026-yilgi temiryo‘l turizmi mavsumiga start berdi.

Mazkur sayyohlik poyezdi Germaniyaning Lernidee Erlebnisreisen kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan.

Poyezdda 11 ta davlatdan 82 nafar sayyoh yo‘lga chiqdi. Ular Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSh, Fransiya, Shveytsariya, Avstriya, Avstraliya, Kanada, Lyuksemburg, Singapur va Ispaniya fuqarolari hisoblanadi.

Sayohat dasturi doirasida mehmonlar Samarqand, Xiva, Buxoro va Toshkent shaharlariga tashrif buyuradi.

Marshrut Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab tashkil etilgan bo‘lib, to‘rtta davlatni o‘zaro bog‘laydi. Tur dasturi O‘zbekiston hududida 9 kunlik sayohatni o‘z ichiga oladi.

Ushbu reys 2026-yilda rejalashtirilgan 12 ta sayyohlik poyezdi qatnovining birinchisi hisoblanadi.

Spot, avvalroq, 2-maydan Toshkent-Xiva yo‘nalishida Hyundai Rotem tezyurar poyezdi qatnay boshlashi haqida yozgandi.