O‘zbekiston barcha xalqaro transport yo‘laklari bilan ishlaydi. Bu haqda 1 aprel kuni transport vaziri Ilhom Mahkamov Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan Xalqaro transport-logistika forumida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan O‘zbekiston dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatdan talab yuqori bo‘lgan bog‘lovchi markazga (land-linked hub) aylanish strategiyasini amalga oshirmoqda.
O‘tgan yili prezident tomonidan tasdiqlangan O‘zbekiston transport-logistika tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi to‘liq temir yo‘l va avtotransport tranzit tashuvlariga urg‘u bergan holda mamlakat ichida infratuzilmani yaratish va rivojlantirishga asoslangan. Shuningdek, qo‘shimcha quvvatlarni yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, deya qo‘shimcha qildi u.
Transport vazirligi rahbari transport sohasini raqamlashtirishni eng ustuvor yo‘nalishlardan biri deb atadi.
“Eksport, import va tranzit yuklari, hatto Xitoy, Yevropa va boshqa qit’alar bilan tashishlar haqida gap ketganda ham, bir nechta chegaralarni kesib o‘tadi. Chegaralarni kesib o‘tishda biz hal qilinishi kerak bo‘lgan barcha murakkabliklar va qiyinchiliklarga duch kelamiz. Bu avtotransportga qo‘yiladigan texnik reglamentlar va talablarni birxillashtirishga ham, qayta yuklash va tovar-transport yukxatlarini rasmiylashtirishga ham taalluqlidir. Bularning barchasining yechimi — raqamlashtirish, hujjatlar va texnik reglamentlarni birxillashtirish, shuningdek, ehtimol, oldindan xabardor qilishni joriy etishdir”, — dedi amaldor.

Transport vazirligi rahbari Markaziy Osiyo mamlakatlari yagona transport makonini shakllantirayotganini, uning doirasida tajriba tariqasida raqamli yagona transport hujjatlari joriy etilishi mumkinligini ta’kidladi. Bu xalqaro yuklarning mintaqadan tezroq va to‘siqlarsiz o‘tishiga imkon beradi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston ikki yo‘nalishda harakat qilmoqda: transport sohasidagi operatsion faoliyatni raqamlashtirish va transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish.
“Biz o‘zimizni shunday pozitsiyaga qo‘yamizki, barcha mumkin bo‘lgan xalqaro transport yo‘laklari bilan integratsiyalashamiz va ishlaymiz — ularning barchasi dolzarb. Jahon logistikasidagi hozirgi murakkabliklar shuni ko‘rsatmoqdaki, yagona dolzarb transport yo‘lagi bo‘lmaydi, shuning uchun biz turli [yo‘laklarga] integratsiyalashmoqdamiz”, — deya xulosa qildi Mahkamov.
Joriy haftada prezident qo‘shni davlatlar bilan transport va savdo masalalari bo‘yicha yaqin hamkorlikni kuchaytirish, oziq-ovqat mahsulotlarini havo transportida eksport qilishni tashkil etish, tadbirkorlar uchun imtiyozli tariflarni joriy etish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Avvalroq Rossiya ishtirokida Farg‘onada qiymati $50 mlnlik agrologistika markazi qurilishi boshlangani haqida xabar berilgandi.