Transportni boshqarish huquqini olgan shaxslarga yo‘l qoidalari buzilganligi uchun javobgarlikni o‘tkazish tartibi belgilandi. Tegishli tartib hukumat qarori bilan belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan transportni fuqarolik-huquqiy asosda boshqarayotgan shaxslarga nisbatan yo‘l harakati qoidalari buzilishi uchun javobgarlikni o‘tkazish mumkin bo‘ladi.

Bunday holatlarda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlarini xabardor qilish imkoniyati yaratiladi.

Qaror bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, xabardor qilish Yagona portal yoki Jamoat xavfsizligi departamenti YHXXning mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.

Xabardor qilish xizmatidan foydalanish uchun transport egasi portal yoki mobil ilovada shaxsiy kabinet ochgan holda so‘rovnoma to‘ldiradi. Unda boshqarish huquqini berish muddatini ko‘rsatib o‘tadi.

Boshqarish huquqini olgan shaxs so‘rovnomani tasdiqlash orqali kelgusida unga nisbatan jarima solish to‘g‘risida qaror rasmiylashtirilib borilishiga roziligini elektron raqamli imzo yoki Mobile-ID yoxud Face-ID orqali tasdiqlaydi.

Xabardor qilish xizmati uchun BHMning 10%i (41,2 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi guvohnoma 5 yil muddatga rasmiylashtirilishi belgilandi.

2024-yilning bahorida avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov stavkalari oshirilgandi. Bunda elektromobillar va mototransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish 510 ming so‘mni, qolgan barcha transport vositalari uchun esa 2,32 mln so‘mni tashkil etishi belgilangandi.

Yil oxiriga kelib esa ayrim avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov miqdori kamaytirilgan edi. Moped va skuterlarga davlat raqami belgilarini berish uchun yig‘im miqdori BHMning 1,5 baravari — 562,5 ming so‘m etib belgilangan.

2025-yil 1-noyabrdan transportga gaz baloni o‘rnatilganligiga oid maʼlumotlarni elektron shaklda yuritish orqali avtomashinani ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasini qayta rasmiylashtirish tartibi bekor qilingandi.


Spot, avvalroq, O‘zbekistonda “chiroyli” avtoraqamlarni sotib olish uchun yangi mobil ilova ishga tushgani haqida yozgandi.