Toshkentda umra ziyoratini vaʼda qilib, fuqarolarni aldagan turfirma vakillari qo‘lga olindi. Bu haqda IIV xabar berdi.

1989, 1992, 1997, 2000-yillarda tug‘ilgan shaxslar umra ziyoratiga bormoqchi bo‘lgan mijozning ishonchiga kiradi.

Ular fuqaroni ziyoratga jo‘natishini aytib, oldindan kelishilgan $1500 ni olgan vaqtida ushlandi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismiga (Firibgarlik, yaʼni aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish) asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

O‘zbekistonda Umra tadbirlarini tashkil etish

2024-yilning iyun oyida qabul qilingan qaror bilan “Umra” ziyorati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Litsenziya berish vakolati esa Turizm qo‘mitasidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga berildi.

Sentabr oyida qo‘mita mazkur tadbirlarni tashkil etayotgan turoperatorlarga ogohlantirish bilan chiqib, yangi talablar 5-oktabrdan kuchga kirishini, turoperatorlar litsenziyalari mazkur sanagacha amalga qilishini qayd etdi.

Undan keyin, 12-oktabrga kelib, hukumatning tegishli qarori qabul qilindi. Unda turistik tashkilotlar mazkur xizmatlar uchun yangi talablar asosida litsenziya olishlari kerakligi belgilandi.

15-oktabr kuni qo‘mita yangi talablar asosida litsenziya olish uchun arizalar qabulini e’lon qildi. Noyabr oyida, tanlov natijasida “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun 12ta turoperatorga litsenziya berildi.

Spot litsenziya olishdagi yangi talablar yuzasidan bir qator turoperatorlar bilan suhbatlashib, bu qanday qiyinchiliklarga olib kelgani, narxlarga qanday ta’sir qilishi hamda kelgusida kutilayotgan natijalar haqida fikrlarini o‘rgangandi.

Avgust oyida O‘zbekistonda Umra safarlarini noqonuniy tashkil etayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida “Sirli mijoz” yashirin nazorat tadbirlari amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi.

Joriy yilning martida Toshkent viloyatida litsenziyasiz Umra safarlarini tashkil etgan firma jarimaga tortilgandi.


Spot, avvalroq, Namanganda soliq inspeksiyasi xodimiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida yozgandi.