Mahalliy yo‘nalishlarda poyezd tashuvchining aybi bilan kechikkan taqdirda yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lash tartibi joriy etilishi mumkin. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma‘lum qildi.
Qayd etilishicha, qo‘mitaga kelib tushayotgan murojaatlar va ijtimoiy tarmoqlardagi e‘tirozlarda poyezdlarning jadvaldan kechikishi, jo‘nash va yetib kelish vaqti buzilayotgani tez-tez tilga olinmoqda. Xususan, 2025-yilda bu masala bo‘yicha 51 ta murojaat kelib tushgan.
O‘rganishlar davomida tashuvchining aybi bilan poyezd kechikkan holatlarda yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lash tartibi amalda belgilanmagani aniqlangan.
Shu bois qo‘mita Transport vazirligiga ushbu tartibni joriy etish bo‘yicha so‘rov yuborgan.
Hozirda temir yo‘l orqali yo‘lovchi tashish qoidalarining yangi tahriri ishlab chiqilmoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, poyezd kechikkanida yo‘lovchilarga quyidagi miqdorda kompensatsiya to‘lanadi:
- 15−30 daqiqa kechiksa — yo‘lkira qiymatining 15%i;
- 31−60 daqiqa — 25%i;
- 61−120 daqiqa — 50%i;
- 120 daqiqadan ortiq — 100%i.
Hozircha bunday tartib faqat Afrosiyob poyezdlari uchun amal qilmoqda. Yangi o‘zgarishlar qabul qilinsa, u barcha mahalliy yo‘nalishlarga ham tatbiq etiladi.
Avvalroq O‘TY 2026-yili Orient Silk Road Express sayyohlik poyezdining 12 ta qatnovini amalga oshirishi haqida xabar berilgandi.