AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining “Prezident kutubxonasi” — prezidentlik davrida to‘plangan hujjatlar, materiallar va turli kolleksiyalar saqlanadigan an’anaviy majmua vizualini taqdim etdi.

Biroq, avvalgi AQSH prezidentlaridan farqli ravishda, Tramp binoni o‘ziga xos uslubda — Mayami markazida joylashgan yaltirab turuvchi osmono‘par bino ko‘rinishida qurishni rejalagan.

Hozirda Mayamidagi ushbu hudud Mayami-Deyd kollejining Wolfson kampusi xodimlari uchun avtoturargoh sifatida foydalaniladi.

E’lon qilingan renderlarga ko‘ra, osmono‘par binoning dizayni Trampning “prezidentlik faoliyati"dan oldin qurilgan boshqa baland binolariga ishora qiladi, shu bois bino fasadi tilla rangli bezaklar va panoramali derazalar bilan bezatilgan.

Bundan tashqari, kutubxona tomida qat’iy geometrik fransuz uslubida barpo etilgan, palmalardan iborat kichik landshaft bog‘i joylashadi.

Birinchi qavatda mehmonlarni ikki xil — ko‘k va oq rangga bo‘yalgan korpusli “Air Force One Boeing 747−200B” prezident samolyoti hamda tilla rangli eskalator qarshi oladi.

Ikkinchisi, aftidan, Nyu-Yorkdagi “Trump Tower"da joylashgan eskalatorga ishora bo‘lib, Tramp 2015-yilda prezidentlikka nomzodini e’lon qilganidan so‘ng o‘sha eskalatordan pastga tushgan edi.

donald tramp, kutubxona

Bundan tashqari, binoda yana bir nechta harbiy samolyotlar va Oq uy xonalarining aniq nusxalari, jumladan, Oval kabinetning o‘zi va hali qurilmagan Bal zali joylashadi.

Shuningdek, konferensiyalar o‘tkazish uchun to‘lqinsimon shiftli ulkan zal, uning qoq markazida Donald Trampning qo‘lini ko‘targan mahobatli oltin haykali o‘rnatiladi.

donald tramp, kutubxona


Avvalroq dollar banknotalarida Trampning imzosi paydo bo‘lishi haqida xabar berilgandi.

AQSH G‘aznachilik departamentining ma’lum qilishicha, bu Amerika pullariga amaldagi prezident imzosi qo‘yilgan ilk holat bo‘ladi.