Avvalroq avtomobil texpasportini har 5 yilda yangilash tartibi joriy etilishi haqida xabar berilgandi.

Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot xizmati holat bo‘yicha izoh berdi.

Taʼkidlanishicha, hozirgi vaqtda fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi ID-karta va pasport singari hujjatlarda amal qilish muddatlari ko‘rsatib o‘tilgan. YHXXga ko‘ra, shu bois ham “bu normani noto‘g‘ri talqin qilishning o‘zi xato” hisoblanadi.

“Transport vositasining kuzov, dvigatel singari asosiy ehtiyot qismlarining mavjudligini inventarizatsiyadan o‘tkazish maqsadida ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning ham besh yil etib muddati belgilandi. Bu qayta ro‘yxatdan o‘tkazish hisoblanmaydi”, — deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur tartib 2026-yilning 1-aprelidan keyin olingan guvohnomalar uchun tatbiq etiladi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov yangi tartib bilan avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi uchun olinadigan to‘lovlar masalasiga e’tibor qaratdi. Mazkur o‘zgarishlar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagan, shuningdek, bunday talabni joriy etish zarurati va asoslari ham izohlanmagan.

“Agar texpasportni har 5 yilda almashtirish to‘lovi avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov miqdori darajasida qolsa, bu qo‘shimcha yana 2,8 trln so‘m degani. Avtoraqamlar-chi? Texpasportni har 5 yilda almashtirish o‘lponini o‘ylab topganlar avtoraqamlarniyam har 5 yilda almashtirishni va yangitdan to‘lov qilishni talab qilib qolmaydimi?”, — deb yozdi u Telegram-kanalida

Kurbanoff.net Telegram-kanali muallifi Shuhrat Qurbonov esa ushbu qarorda ma’muriy tartib-taomillar bilan bog‘liq hujjatda unga aloqasi bo‘lmagan boshqa hujjatlarga o‘zgartirish kiritilgani savol ostiga oldi. U Adliya vazirligi mazkur masalada tushuntirish berishidan umid bildirdi.

Avvalroq yil yakunigacha Toshkentdagi barcha avtomobillar ekostiker olishi haqida xabar berilgandi.