Xitoyda “bir kishilik kompaniyalar” soni keskin ko‘paymoqda. Alibaba prezidenti Kuo Chjan bunga sun’iy intellekt agentlari tufayli qanday erishilganini tushuntirib berdi, deb yozadi Business Insider.
Gap yangi tadbirkorlik modeli — “one-person companies” (OPC) haqida bormoqda. Bunday kompaniyalar biznesni boshlash va kengaytirishda sun’iy intellekt vositalaridan — jumladan, agent tizimlari va vibe-coding'dan foydalanadi, ya’ni jamoa yollamasdan ishlaydi.
Xitoyning ayrim shaharlarida hukumat ham bu formatni qo‘llab-quvvatlamoqda: startaplarga bepul uy-joy, ijarasiz ofislar va $720 minggacha subsidiyalar taklif qilinmoqda.
Kuo Channingta’kidlashicha, aynan AI agentlar ushbu modelni amalda ishlaydigan darajaga olib chiqqan. Elektron tijoratdagi an’anaviy vazifalar — mahsulotlarni platformaga joylash, ijtimoiy tarmoqlarni yuritish, mijozlar shikoyatlarini ko‘rib chiqish — yirik kompaniyalar uchun oddiy jarayon bo‘lsa-da, yakka tadbirkorlar uchun katta to‘siq hisoblanadi.
Shu bilan birga, bu jarayonlar biznes muvaffaqiyati uchun juda muhim. SI agentlar esa bu operatsion yukning katta qismini o‘z zimmasiga oladi.
“Ular odamlarni almashtirmaydi — yakka tadbirkorning xodimlariga aylanadi”, — deydi Chjan. Uning so‘zlariga ko‘ra, agentlar aslida virtual jamoa vazifasini bajarib, bitta odamga to‘liq biznesni boshqarish imkonini beradi.
Alibaba ham bu yo‘nalishni faol rivojlantirmoqda. Kompaniya kichik biznes va OPC uchun mo‘ljallangan Accio Work nomli SIagent platformasini ishga tushirdi.
U kundalik jarayonlarni — mijozlar bilan ishlash, soliqlar, marketing, logistika va mahsulot kartalarini boshqarishni avtomatlashtiradi.
Asosiy Accio agenti 2024-yil oxirida taqdim etilgan bo‘lib, kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda oyiga $10 mln faol foydalanuvchiga ega.
Avvalroq OpenAI rahbari SI uchun kommunal xizmatlardek hisoblagich asosida to‘lov joriy etishni taklif qilgandi.
Sem Altmannning qayd etishicha, sun’iy intellekt uchun elektr energiyasi yoki suv bilan bir xil — foydalanish hisoblagichi ko‘rsatkichlari asosida to‘lanadigan model joriy qilish kerak.