2-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyatda 2 ta yirik neft-gaz kimyo korxonasi faoliyat yuritmoqda, yana bittasi barpo etilmoqda. Shuningdek, qiymati $5,2 mlrd bo‘lgan, umumiy quvvati 4,5 gigavattga teng 10 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyasi qurilmoqda.
2025-yilda hududiy yalpi mahsulot hajmi 7,2% ga oshib, 86,6 trln so‘mga yetdi, sanoat 7,1%, qishloq xo‘jaligi 4,3%, xizmatlar sohasi 14% ga o‘sdi. Ishsizlik 2024-yilga nisbatan 4,7% gacha, kambag‘allik darajasi 6% gacha pasaygan.
2026-yilda yalpi hududiy mahsulot hajmini 102,1 trln so‘mga yetkazib, 9,1% o‘sishga erishish, sanoat hajmini 9,1% ga, qishloq xo‘jaligini 5,9% ga, xizmatlar hajmini esa 20,1% ga o‘stirish vazifalari belgilandi. Ishsizlik va kambag‘allik darajasini 2% gacha qisqartirish, 381,5 ming nafar aholini daromadli qilish nazarda tutilgan.


Shu maqsadda Buxoro va Kogon shaharlari, shuningdek, Olot, Peshku, Qorako‘l, Shofirkon, G‘ijduvon va Qorovulbozor tumanlarini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish bo‘yicha manzilli choralar amalga oshirilishi qayd etildi.
Joriy yilda $3,3 mlrdlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish, $1,5 mlrdlik eksportni ta’minlash, umumiy qiymati $9,2 mlrdlik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Sanoat tarmoqlari kesimida umumiy qiymati $2,2 mlrdlik 61 ta yirik loyiha shakllantirilgan. Bu 18 ming ta yangi ish o‘rni yaratish, aholi jon boshiga sanoat hajmini 25,6 mln so‘mdan 29,6 mln so‘mga yetkazish mo‘ljallangan.
Xususan, Kogon tumanida yiliga 80 mingta elektr va gibrid avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Loyihaning qiymati $350 mlnni tashkil etib, uning natijasida 500 ta ish o‘rni yaratiladi.
Shuningdek, Buxoro tumanida pirolizni qayta ishlash orqali benzol, toluol, ksilol, pentan, geksan, bitum va kalsiy xlorid ishlab chiqarish bo‘yicha $220 mlnlik loyihani amalga oshirish, Qorovulbozor tumanida $85 mlnlik loyiha asosida AI-91 va AI-92 benzin ishlab chiqarishni kengaytirish, Kogon tumanida qog‘oz va karton mahsulotlari tayyorlashni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.


Qorovulbozor tumanida yiliga 100 ming tonna mineral o‘g‘it, Kogon tumanida esa gipsokarton ishlab chiqarishni kengaytirish rejalari ham muhokama qilindi.
Shu bilan birga, 61 ta mavjud sanoat zonasidagi bo‘sh yer maydonlarida joylashtiriladigan yangi ishlab chiqarishlar uchun ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi:
- Buxoro shahri va Buxoro tumanida oziq-ovqat va mebelchilik;
- Vobkentda charm va yengil sanoat;
- Kogon va Qorovulbozorda neft-kimyo;
- Shofirkon va Peshkuda farmatsevtika hamda oziq-ovqat;
- G‘ijduvonda qurilish materiallari yo‘nalishlariga ustuvorlik beriladi.
Qishloq xo‘jaligida zamonaviy yerdan foydalanish texnologiyalari va irrigatsiya tizimlarini joriy etish hisobiga 100 ming gektar yerni o‘zlashtirish va foydalanishga kiritish mumkinligi qayd etildi. Bu viloyat iqtisodiyoti va eksport salohiyatini sezilarli oshirishga xizmat qiladi.
Avvalroq Spot BYD O‘zbekistonda 2030-yilgacha 10 ga yaqin yangi model ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.



