“Matbuot tarqatuvchi” Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligi xatti-harakatidan norozi bo‘lib Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Devon xodimlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda, joriy yilning 21-fevral kuni tuman hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari “Buyuk ipak yo‘li” metro bekati chiqish joyidagi matbuot kioskasini hech qanday hujjatlarsiz olib tashlagani tasdiqlandi.
Davlat organi mansabdor shaxsi tomonidan xususiy mulk huquqini qonunga xilof ravishda cheklash yoki mulkni olib qo‘yish BHMning 40 baravaridan 80 baravarigacha (16,48 mln so‘mdan 32,98 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Mazkur holat yuzasidan tuman hokimi o‘rinbosariga nisbatan MJtKning 241−1-moddasi (Xususiy mulk huquqini buzish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarimaga tortildi.
KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, “Matbuot tarqatuvchi” 2000-yil fevralda ro‘yxatga olingan. Ustav fondi 4 mlrd so‘m bo‘lgan korxona “maxsus do‘konlarda gazeta, jurnal va kanselyariya tovarlari bilan chakana savdo qilish” bilan shug‘ullanadi. Ta’sischilar “aksiyadorlar” (100%), rahbar — Qosimov Aziz Rustamovich.

Avvalroq Biznes-ombudsman Jarqo‘rg‘onda tadbirkorlar do‘konlari buzilishi bilan bog‘liq holatni nazoratga olgani haqida xabar berilgandi.
Yer yoki undagi inshootlar olib qo‘yilganda mulkdorga teng qiymatdagi mol-mulk berilishi yoki zarar to‘liq qoplanishi shartligi taʼkidlandi.