Avvalroq 2-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Buxoroda amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish vazifalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.
Unda viloyatda Avstriyaning Krems universiteti bilan qo‘shma fakultet ochilib, Buxoro turizm va madaniy meros texnikumi oliygoh boshqaruviga berilishi qayd etildi.
To‘liq dual ta’lim asosida mutaxassislar tayyorlash va boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Universitet Buxoro shahrida tashkil etilayotgan tun-u kun ishlaydigan ko‘chalarni boshqarish bo‘yicha yangi modelni ishlab chiqishga ko‘maklashadi.
Buxoro tumanidagi Rabotak mahallasi hududida 63 gektar maydonda 10 mingdan ortiq xonadonli uy-joy kompleksi hamda Buxoro shahrida yangi ma’muriy markaz tashkil qilish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, “Yangi O‘zbekiston” massivi hamda “Yangi O‘zbekiston” bog‘ini barpo etish, Buxoro davlat universitetining yangi kampusini qurish kabi yirik qurilish va urbanizatsiya loyihalari muhokama qilindi.
Yo‘l va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ham qator vazifalar belgilandi.
Viloyatda uzunligi 33,1 kilometr bo‘lgan 7 ta aylanma yo‘l barpo etish, G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu yo‘lining 78 kilometri va Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi yo‘lining 71 kilometr qismini rekonstruksiya qilish, A-380 yo‘li bo‘yida 30,8 gektar yer maydonini auksionga chiqarib, 403 ta servis loyihasini joylashtirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, og‘ir toifadagi 3 ta tuman va 36 ta mahallada, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi” 2 ta tuman va 35 ta mahallada yangi yondashuvlar asosida yo‘l, elektr, suv va sug‘orish tarmoqlarini yaxshilash uchun jami 593 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ma’lum qilindi.
Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun 2026-yilda jami 4,48 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi, buning hisobiga maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasalari hamda kommunal va transport infratuzilmasi bo‘yicha yuzlab loyihalar amalga oshirilishi qayd etildi.
Prezident Buxoro viloyatining mavjud imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, har bir tashabbusni aniq loyihaga aylantirish, investitsiya, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, turizm va infratuzilma sohalarida natijadorlikni ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Avvalroq Spot Jahon banki O‘zbekistonga transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun $200 mln ajratishi haqida yozgandi. Mablag‘lar hisobidan Surxondaryoda 91 km yo‘lni rekonstruksiya qilish, shuningdek, O‘zbekiston temir yo‘llari faoliyatini isloh qilish rejalashtirilgan.