2-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda viloyatdagi 3 mln gektar yaylov yerlaridan samarali foydalanish, chorvachilikni rivojlantirish, ozuqabop ekinlar maydonini kengaytirish bo‘yicha yangi yondashuvlar muhokama qilindi.

Joriy yilda 59,2 ming gektar maydonga to‘liq ozuqabop ekinlar ekish rejalashtirilgan. Shuningdek, umumiy qiymati 454 mlrd so‘m bo‘lgan 82 ta chorvachilik loyihasini amalga oshirish uchun chetdan 20 ming bosh naslli qoramol, 30 ming bosh qo‘y va 200 bosh ot olib kelish ko‘zda tutilgan.

Paxta hosildorligini 52 sentnerga, g‘alla hosildorligini 100 sentnerga yetkazish, 96,8 ming gektarda suv ta’minoti va meliorativ holatni yaxshilash, 453,5 mln kub metr suvni iqtisod qilish, 742 ta qishloq xo‘jaligi texnikasini olib kelish rejalashtirilgan.

Chorvachilikda har bir tumanda 50 bosh naslli qoramolga mo‘ljallangan mini fermalar tashkil etish taklifi ko‘rib chiqildi. Dastur doirasida 110 ta loyiha amalga oshirilib, 5,5 ming bosh naslli qoramol olib kelinadi, 3 750 ta yangi ish o‘rni yaratiladi va 51,5 ming tonna qo‘shimcha sut ishlab chiqarish quvvati shakllantiriladi.

Xizmatlar va aholi bandligini ta’minlash yo‘nalishida mahallalar ixtisoslashuvi asosida 49 ta loyiha amalga oshirilishi, 33 ta savdo va servis ko‘chasi, 2 ta sohil bo‘yi hududi, 4 ta turizm mahallasi va 10 ta yo‘l bo‘yi loyihasi tashkil etilishi belgilandi. Buning uchun jami 12,5 trln so‘m moliyaviy resurs, jumladan, 7,5 trln so‘m kichik va o‘rta biznesga yo‘naltiriladi.

Turizm sohasi hozirda asosan Buxoro shahri hisobiga to‘g‘ri keladi, viloyatning boshqa tumanlaridagi imkoniyatlar esa hali to‘liq ishga solinmagan. Jondor, G‘ijduvon, Buxoro, Qorako‘l va Vobkent tumanlarida sohil bo‘yi va yo‘l bo‘yi drayver loyihalarini amalga oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi uchun zamonaviy dam olish muhitini shakllantirish bo‘yicha katta imkoniyatlar borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuning uchun 2026-yilda 3,5 mln xorijiy va 5,5 mln mahalliy sayyohni jalb qilish, umumiy turistlar sonini 9 mlnga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun 2026-yilda 73 ta yangi joylashtirish vositasi, 15 ta yangi turoperator va turagent ishga tushiriladi.

Buxoro shahrida barpo etilayotgan yangi turizm markazida 5 ta xalqaro brendli mehmonxona tashkil etish, Shofirkon tumanida Xo‘ja Orif, Buxoro tumanida Chor Bakr va Yorjon turizm qishloqlarini rivojlantirish, Buxoro shahrida Mohi Xosa turizm mahallasini shakllantirish nazarda tutilgan.

Buxoro tarixiy markazida UNESCO talablariga mos alohida ma’muriy boshqaruv tizimini joriy qilish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Kogon shahrida 6 ta tarixiy obyekt negizida turizm shaharchasini tashkil etish taklifi ko‘rib chiqildi.

Avvalroq John Deere O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Laziz Kudratov AQSH kompaniyasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlarini muhokama qildi.