Endilikda avtomobilni ishonchnoma yoki yaqin qarindoshlik asosida boshqarayotgan shaxs qoidabuzarlik sodir etsa, jarima xati bevosita haydovchining nomiga boradi. Bu bo‘yicha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida onlayn xizmat ishga tushirildi.

Xizmatdan foydalanish uchun haydovchi ma’lumotlarini my.gov.uz orqali tizimga kiritish zarur. Buning uchun portalning “Sinov tartibida” bo‘limiga o‘tib, “Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni boshqa shaxsga o‘tkazish” xizmati tanlanadi.

Unda avtoraqam va boshqarish muddati ko‘rsatiladi, shuningdek, boshqaradigan shaxsning JSHSHIR, pasport seriyasi va raqami kiritilib, hujjat turi (yaqin qarindosh/ishonchnoma) tanlanadi. Agar bosh ishonchnoma bo‘lsa, u arizaga ilova qilinishi kerak.

Haydovchi o‘zining portaldagi profilidan “Xabarnomalar” bo‘limiga kirib, arizani ERI, Mobile-ID yoki Face-ID orqali tasdiqlaydi.

Ushbu xizmat pullik asosda ko‘rsatilib, agar portal orqali ariza berilsa BHMning 0,9%i (10% chegirma bilan 37 080 so‘m), Davlat xizmatlari markazi orqali topshirilganda esa BHMning 10%i (41 200 so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi.

Bunda ijtimoiy reyestrdagilar, shuningdek, birinchi va ikkinchi guruh nogironlari uchun 50% chegirma beriladi. Jismoniy shaxslar tomonidan yuborilgan arizalar avtomatik tarzda ko‘rib chiqiladi, agar bosh ishonchnoma bo‘lsa bu 5 kunni oladi.

Shu bilan birga, yuridik shaxslar murojaatlari ham 5 ish kuni ichida ko‘riladi. Bunda tashkilot rahbari har bir mashina uchun alohida ariza yuborishi va ishonchnoma, sug‘urta polisi yoki yo‘l varaqasini ilova qilishi kerak. Davlat organlari va yo‘lovchi tashuvchilar uchun o‘z xodimlariga javobgarlik bepul rasmiylashtiriladi.

Haydovchida haydovchilik guvohnomasi va ishonchnoma bo‘lishi shart. Agar sug‘urta (OSAGO) cheklangan bo‘lsa, haydovchi ismi unda bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, mazkur xizmat YHXXning Safe Road ilovasida ham ishga tushirildi. Xizmatdan ishonchnoma asosida foydalanish mumkin. Bunda ham avtomobil egasi ilovada haydovchiga oid ma’lumotlarni kiritadi, avtomobil boshqaruvchisi esa uni tasdiqlaydi. Undan keyin 41 200 so‘m miqdorida to‘lov amalga oshirilishi kerak. Shundan keyin jarimalar haydovchi nomiga rasmiylashtiriladi.

Yaqinda qabul qilingan hukumat qarori bilan 1-apreldan transportni fuqarolik-huquqiy asosda boshqarayotgan shaxslarga nisbatan yo‘l harakati qoidalari buzilishi uchun javobgarlikni o‘tkazish imkoni yaratilishi belgilangandi.

Avvalroq Buxoroda qiymati $350 mlnlik elektr va gibrid avtomobillar ishlab chiqarish zavodi ochilishi haqida xabar berilgandi.