Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev O‘zbekistonda umumiy bojxona yig‘imlarini 30% dan ko‘proqqa kamaytirish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda 3-aprel kuni hukumat komissiyasining Navoiy viloyati tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotida ma’lum qilindi.

Trikotaj va to‘qilgan boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchi SVS Navoiy xorijiy korxonasining buxgalteri eksport salohiyati oshib borayotganidan kelib chiqib, bojxona yig‘imlari bo‘yicha imtiyozlar berishni so‘radi.

Vazirlar Mahkamasi vakili Doniyor G‘aniyevning tushuntirishicha, 2025-yilda eksport uchun bojxona yig‘imlari stavkalari 50% lik imtiyoz bekor qilingani sabab oshgan. Eksport stavkalarini import stavkalari bilan birxillashtirish esa O‘zbekiston qonunchiligini Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish talablari bilan uyg‘unlashtirish maqsadida amalga oshirilgan.

Bojxona qo‘mitasi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Ilhomjon Pardayev bojxona yig‘imlarining umumiy stavkalarini pasaytirish bo‘yicha hukumatga taklif kiritilganini ma’lum qildi. G‘aniyev esa hujjat kelishish uchun Prezident administratsiyasiga yuborilganini bildirdi.

“Agar tasdiqlanadigan bo‘lsa, 30% gacha qisqartirishni so‘raganmiz. Ilgari eksportyorlarda import qimmatligi hisobiga 50% lik imtiyoz bor edi. Keyin uni birxillashtirish hisobiga [yig‘imlar] qimmatlashdi. Shuning uchun biz umumiy 30% ga pasaytirishni taklif qilganmiz, buning ustida ishlayapmiz,” — dedi Vazirlar Mahkamasi vakili.

eksport, jamshid xodjayev, bojxona to‘lovlari, vazirlar mahkamasi

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev bojxona to‘lovlarini 30% dan ko‘proqqa pasaytirish zarurligini qayd etib, mas’ullarni bu muammoni bir oy ichida hal qilishga chaqirdi.

2025-yil yanvar oyida Vazirlar Mahkamasi eksport va import tovarlari uchun bojxona yig‘imlarining yangi stavkalarini tasdiqladi. Qaror o‘sha yilning may oyidan, umumiy bojxona yig‘imlarining yangi stavkalari esa 2026-yildan kuchga kirdi.

Avvalroq Spot Starlink qurilmasining O‘zbekistonga noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yilgani haqida yozgan edi.