Prezident huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha El-yurt umidi jamg‘armasi 2026-yil uchun birinchi ochiq stipendiya tanlovini e’lon qildi.
2026/2027-o‘quv yili uchun jami 500 ta kvota ajratilgan bo‘lib, shundan 167 tasi bakalavriat, 232 tasi magistratura hamda 38 tasi doktorantura uchun belgilangan. Shuningdek, qo‘shimcha kvotalar soni 63 tani tashkil etadi.
Tanlovda bakalavriat uchun 30 yoshgacha, magistratura uchun — 22−40 yosh hamda PhD uchun 25−45 yoshgacha bo‘lgan nomzodlar ishtirok etishlari mumkin.
Magistraturaga hujjat topshirishda nomzodlar 1 yildan ortiq, doktorantura uchun esa 2 yildan ortiq ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Bakalavriat bosqichi uchun IELTS sertifikati kamida 6 ball, magistratura va doktorantura uchun esa 7 ball (yoki shunga teng boshqa xalqaro sertifikat) bo‘lishi talab etiladi.
Quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
- jamg‘arma ijrochi direktori nomiga ariza (namunasi platformada mavjud);
- xorijiy universitetning qabul xati (Letter of Acceptance);
- mehnat daftarchasi nusxasi (mavjud bo‘lsa);
- attestat yoki diplom nusxasi;
- xalqaro til sertifikati;
- motivatsion insho va boshqalar.
Nomzodlar xorijiy ta’lim muassasasi haqidagi ma’lumotlarni platformaga kiritishlari kerak. Unda oliygoh joylashgan mamlakat, reytingi, bilim va ta’lim sohalari, o‘qish uchun to‘lov hamda universitet ajratgan grant miqdori ko‘rsatiladi. Tizimdagi mavjud universitetlar ro‘yxati bilan bu yerda tanishish mumkin.
Stipendiyalar xorijiy ta’lim, ilmiy va boshqa muassasalarda bakalavriat uchun 3−4 yilgacha, magistratura (ordinatura) — 1−2 yil hamda doktorantura (aspirantura) uchun 3−4 yilgacha bo‘lgan dasturlar uchun ajratiladi.
Bir yilgacha bakalavriatga tayyorlov kurslari (Foundation year/course) xarajatlari o‘qishning umumiy muddati 4 yildan oshmasligi sharti bilan moliyalashtirilishi mumkin.
Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan stipendiatlarga quyidagi xarajatlar qoplab beriladi:
- o‘quv to‘lovi (tuition fees);
- viza olish;
- tibbiy sug‘urta;
- yo‘lkira xarajatlari (bir o‘quv yilida bir marta);
- yashash va turarjoy ijarasi xarajatlari;
- zarur o‘quv va ilmiy adabiyotlarni xarid qilish;
- boshqa xarajatlari.
Hujjatlar jamg‘armaning el-yurt.uz onlayn platformasi orqali joriy yilning 24-apreligacha qabul qilinadi.
Batafsil ma’lumotlarni havola yoki @eyufadmissionbot orqali olish mumkin.
Foydali havolalar:
- kvotalar soni;
- ustuvor mutaxassisliklar;
- o‘quv to‘lovlarining chegaraviy miqdori;
- baholash tartibi;
- xorijiy til sertifikati ro‘yxati;
- universitetlar ro‘yxati.
Avvalroq har yil 500 nafargacha iqtidorli chet el fuqarolari uchun “Yangi O‘zbekiston stipendiyasi” dasturi doirasida davlat OTMlariga grant ajratilishi haqida xabar berilgandi.