Raqobat qo‘mitasi qonunchilik talablarini buzgan bir qator korxonalarni birja savdolaridan chetlashtirdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Ichki bozorlarda barqarorlikni ta’minlash uchun birjada yuqori likvidli va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan bug‘doy va un mahsulotlarining realizatsiyasi tahlil qilindi.

Davlat resursidagi, budjet mablag‘lari hisobiga xarid qilingan bug‘doyni birjadan xarid qilgan hajmdan kelib chiqib unni birjada sotish belgilangan. Ushbu talablarni ta’minlanmaganlik uchun esa raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikda tegishli choralar ko‘riladi.

Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan dastlabki monitoringlarga ko‘ra, ichki bozorda ishlab chiqarilishi lozim bo‘lgan un mahsulotini birjaga qo‘ymaslik holatlari kuzatildi.

Natijada, 2026-yil 3-apreldan boshlab un mahsulotlarini birjaga qayta savdoga chiqarmagan yoki yetarli darajada bajarmagan 29 ta korxona qonunchilik talablarini buzganligi sababli tegishli tartibda savdolardan chetlashtirildi.

Shuningdek, birinchi chorak yakunlari bo‘yicha davlat resursidan bug‘doy xarid qilingan unni birja orqali sotish tartibiga rioya etmagan 25 ta un ishlab chiqaruvchi korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, tegishli ta’sir choralari qo‘llash yuzasidan qaror va ko‘rsatmalar qabul qilindi.

Raqobat qo‘mitasi ichki bozorda bug‘doy mahsulotlari narxlarini barqarorlashtirish uchun birja savdolarida davlat resursi bug‘doyni xarid qilgan hajmining tegishli normasi bo‘yicha unni savdolarga chiqarish majburiy ekanligini, belgilangan tartiblar buzilsa, qat’iy chora ko‘rilishini ma’lum qildi. Ushbu holat bo‘yicha monitoring va nazorat tadbirlari davom ettiriladi.

Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi mobil telefon sotuvchilari tomonidan O‘zbekistonda IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish talablari buzilayotganiga e’tibor qaratgani haqida yozgan edi.