Adliya vazirligi 3-aprel kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan oliy ta’limga oid idoraviy hujjat (ro‘yxat raqami 3807) bilan Oliy ta’lim to‘g‘risidagi nizom yangidan tasdiqlandi.

Unda oliy ta’lim tizimini tashkil etish, ta’lim jarayoni, boshqaruv, moliyaviy munosabatlar hamda talabalar va pedagog xodimlarning huquq va majburiyatlari belgilandi. Nizomga ko‘ra, oliy ta’lim bakalavriat va magistratura bosqichlari orqali amalga oshiriladi.

Bakalavriat ta’limi kamida 3 yil davom etadi. O‘qish muddati kunduzgi ta’lim shakliga nisbatan sirtqi ta’limda kamida 1 yil, kechki ta’lim shaklida esa kamida yarim yilga ko‘proq bo‘lishi kerak.

Oliy ta’lim kunduzgi, masofaviy, dual, inklyuziv ta’lim va boshqa shakllarda amalga oshiriladi. Bitiruvchilarning mehnat bozori talablariga mos bo‘lishini ta’minlash maqsadida o‘quv dasturlari va malaka talablari ish beruvchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.

Talabalarga quyidagi huquqlar beriladi:

  • ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha takliflar kiritish;
  • ta’lim jarayoniga oid muhokamalarda ishtirok etish;
  • kutubxona va axborot resurslaridan bepul foydalanish;
  • xalqaro almashinuv va qo‘shma ta’lim dasturlarida qatnashish;
  • oliy ta’lim tashkiloti rahbariyati qarorlari ustidan shikoyat qilish;
  • mehnat qonunchiligiga muvofiq mehnat shartnomasi asosida oliy ta’lim tashkilotining o‘zida yoki boshqa tashkilotlarda ishlash;
  • kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalar stipendiya olish.

OTMlarda talabalarni ta’lim olish bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish taqiqlanadi. Talabalar oliygohning ichki tartib-qoidalari va odob-axloq qoidalariga rioya qilishlari kerak.

Shuningdek, ta’lim jarayoni milliy kredit-modul tizimi asosida tashkil etilib, u Yevropa kredit transfer tizimiga moslashtiriladi. Oliy ta’lim tashkilotlariga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik beriladi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini yaxshilashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekistondagi 10 ta OTM milliy tadqiqot universiteti maqomini oladi.