Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni soliq ma’murchiligini takomillashtirish va soliq organlari faoliyatini isloh qilishga doir taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
So‘nggi ikki yilda soliq bazasi kengaygani hisobiga budjetga tushumlar iqtisodiyot sur’atlariga nisbatan tezroq o‘smoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasi ham mazkur natijalarga soliq ma’murchiligini kuchaytirish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish orqali erishilayotganini e’tirof etmoqda.
Shu bilan birga, tizimni “izchil isloh qilish” orqali 2030-yilga borib, soliq tushumlarini 491,5 trln so‘mga yetkazish, iqtisodiyotda kuzatilmaydigan ulushni esa 28% dan 19,6% gacha qisqartirish maqsad qilingan.
Yig‘ilishda soliq tushumlarini oshirishdagi eng katta zaxira yashirin iqtisodiyotni qisqartirish ekani ta’kidlandi.
Prezident raqamli tahlil va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanib, “aqlli” nazorat tizimini joriy etish orqali joriy yilda budjetga qo‘shimcha 30 trln so‘m tushumni ta’minlash zarurligini ko‘rsatib o‘tdi. Bu savdo va xizmatlar, sanoat, qurilish, umumiy ovqatlanish hamda boshqa sohalarda P2P-operatsiyalar monitoringi, tovarlarni markirovkalash, raqamli nazoratni kuchaytirish, yuklarni hujjatsiz tashish faoliyatini avtomatik aniqlash va norasmiy bandlikni rasmiylashtirish kabi mexanizmlardan keng foydalanish hisobiga ta’minlanishi mumkin.




Bozorlar va savdo majmualarida nazorat to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani, raqamlashtirish ishlari yetarli emasligi oqibatida ushbu yo‘nalishdagi imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani qayd etildi. Ularda 72 mingdan ortiq chakana savdo subyekti faoliyat yuritmoqda. Biroq ularning 38 mingdan ortig‘i tovar aylanmasini oyiga 1 mln so‘mdan kam ko‘rsatgan, 40 mingdan ziyodi esa kuniga atigi 2−3 ta chek bermoqda. 12 mingta savdo nuqtasi bo‘yicha ijara shartnomalari hisobga qo‘yilmagan. Natijada 37 ming tadbirkor oyiga 500 ming so‘mdan kam soliq to‘lagan.
Shundan kelib chiqib, bozorlar va savdo majmualarini to‘liq raqamlashtirish hisobiga qo‘shimcha tushum manbalarini ishga solish, nazorat, soliq xizmati va raqamli kuzatuvni o‘zaro integratsiya qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Avvalroq Spot soliq qarzdorligi 1 mln so‘mdan oshsa, elektr energiyasi uchun to‘lovlar cheklanishi haqida yozgandi.



