Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni soliq ma’murchiligini takomillashtirish va soliq organlari faoliyatini isloh qilishga doir taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda strategik bo‘lmagan yirik soliq to‘lovchilarga hududlarda xizmat ko‘rsatish masalasi haqida so‘z bordi. Xususan, 209 mingta QQS to‘lovchi soliq organlaridan uzoqda joylashgani sababli xizmat ko‘rsatish va nazorat samaradorligi pasaygani qayd etildi.
Shuning uchun 500 ta strategik bo‘lmagan korxona nazoratini viloyat darajasiga, 103 mingdan ziyod qishloq xo‘jaligi, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarini tuman darajasiga o‘tkazish taklif qilindi.
Bu soliq to‘lovchilarga joyida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, muammolarni tezkor hal qilish va nazorat samaradorligini kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Taqdimotda tadbirkorlar uchun soliq ma’murchiligini soddalashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. O‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, ularning aksariyati tekshiruvlar, hisobot topshirish va soliq to‘lash jarayonlarining murakkabligidan norozi ekani aytildi.



Shundan kelib chiqib, “avtokameral” nazoratni jazolash vositasidan xatoni barvaqt aniqlab, tuzatishga xizmat qiladigan profilaktika tizimiga aylantirish, korxonalarni xavf darajasiga qarab, “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratib ishlash zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, 6 turdagi hisobotni inson aralashuvisiz avtomat shakllantirish va yagona soliq hisobvarag‘iga o‘tish ishlarining borishi haqida axborot berildi. Bugungi kunda 198 ming holatda hisobot muddati buzilgani, 14,7 ming soliq to‘lovchi hisobot bermagani uchun 396,6 mlrd so‘m jarima qo‘llanilgani, soliqlarni to‘lashda hisobvaraqlar soni ortib ketgani bois, 20 mingta xatolikka yo‘l qo‘yilgani aytildi.
Yangi tizim joriy etilsa, asossiz soliq qarzi, ortiqcha to‘lov va penya qo‘llash amaliyoti qisqartirilib, tadbirkorlar 8,4 trln so‘m mablag‘ni tejashi mumkinligi qayd etildi. Yangi yondashuv natijasida tekshiruvlar soni kamayishi, hisobotlardagi xatolar keskin qisqarishi, murojaatlarni ko‘rib chiqish tezlashishi hamda Call-markazlar faoliyati sezilarli yaxshilanishi kutilmoqda.
Taqdimotda soliq organlari faoliyatidagi eng asosiy masala kadrlar salohiyati ekani ham ko‘rsatib o‘tildi. So‘nggi yillarda bu yo‘nalishdagi ishlar yetarli darajada tashkil etilmagani sababli kadrlar qo‘nimsizligi oshgan. Xodimlarning malakasini oshirish darajasi pastligi, moddiy rag‘batlantirish tizimi zamon talablariga javob bermasligi, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yetarli emasligi qayd etildi. Xususan, 2022-yilda 3 mingdan ortiq xodim malaka oshirgan bo‘lsa, o‘tgan yili bor-yo‘g‘i 700 nafari qayta o‘qitilgan.
Shu munosabat bilan kadrlar malakasini oshirish, uzluksiz ta’limni yo‘lga qo‘yish, xodimlarni moddiy va ijtimoiy rag‘batlantirish bo‘yicha yangi takliflar taqdim etildi. Kadrlar salohiyatini mustahkamlash maqsadida Soliq qo‘mitasi huzuridagi Soliq akademiyasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralari belgilab olindi.
Davlat rahbari soliq ma’murchiligida raqamli texnologiyalar, tahlil va sun’iy intellekt asosida mutlaqo yangi ish uslubini joriy etish, tadbirkorlar uchun qulay va adolatli soliq muhitini yaratish hamda sohada malakali kadrlar korpusini shakllantirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Soliq tizimi faoliyatini “tekshiruvdan — servisga” tamoyili asosida transformatsiya qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish va nazoratning zamonaviy, samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Avvalroq moliyaviy ahvoli og‘ir tadbirkorlarning kredit to‘lovlari kechiktirilib, qarzdorligi restrukturizatsiya qilinishi haqida xabar berilgandi.


