Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
6-aprel kuni Vashington shahrida mamlakatlar ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan mazkur kengash faoliyati boshlandi. Mirziyoyeva kengash qo‘shma biznes tashabbuslari uchun “mustahkam institutsional asos” yaratishga qaratilganini qayd etdi.




“Kengashning tashkil etilishiga ikki davlat prezidentlari o‘rtasida qaror topgan yuksak darajadagi ishonch zamin yaratdi. Kengash hamraisi, elchi Serjio Gor ta’kidlaganidek, so‘nggi bir yil davomida AQSH Markaziy Osiyoda strategik sheriklikni mustahkamlash borasidagi qat’iy intilishlarini amalda tasdiqladi”, — deb yozdi u.
Uchrashuv yakunida Saida Mirziyoyeva hamda AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.




Prezident administratsiyasi rahbari bundan oldin Vashingtonda Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi hamraisi bilan uchrashgandi. Unda mamlakatlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik hamkorligining asosiy masalalari muhokama qilindi.
Kengashning tashkil etilishi
2025-yilning noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev Vashingtonda C5+1 sammiti va AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgan amaliy tashrifdan so‘ng Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlar va investitsiyalar kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Tuzilma hamraislari O‘zbekiston tomonidan — prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, AQSh tomonidan esa AQSh prezidentining maxsus vakili Serjio Gor hisoblanadi.
Shuningdek, 2026-yildan O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida prezident administratsiyasi vakili sifatida maslahatchi-elchi lavozimi joriy etilishi belgilangandi. Bu lavozimga Prezident administratsiyasi rahbarining maslahatchisi Komil Allamjonov tayinlandi.
Kengash strategik biznes tashabbuslari, yirik investitsiya va savdo loyihalarini muvofiqlashtirish, qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish hamda tarif stavkalarini pasaytirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish bilan shug‘ullanadi.
Amerikaning Toshkentdagi elchixonasining ta’kidlashicha, kengash AQSh va O‘zbekistonning sarmoyaviy va eksport imkoniyatlarini kengaytirish, Amerika texnologiyalari va iste’dodlari uchun tez rivojlanayotgan sohalarni, ayniqsa, IT va raqamli innovatsiyalarni ochish hamda amerikalik eksportchilar uchun teng sharoitlar yaratishga ko‘maklashishga e’tibor qaratadi.
Tuzilma O‘zbekistonga investitsiyalarni jalb etish uchun maxsus jamg‘arma tashkil qilish masalasi bilan shug‘ullanadi. AQSh Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) asosiy investor sifatida ishtirok etadi. Bundan tashqari, jamg‘arma faoliyatiga Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) va boshqa xalqaro tashkilotlarni jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.
Kengashning vazifalariga tarif stavkalarini o‘zaro pasaytirish bo‘yicha muzokaralar va O‘zbekistonning investitsiya portfelini, shu jumladan Markaziy bankning valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha takliflar kiradi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston AQSHdagi mavsumiy ishlar bo‘yicha dastlabki talabnomalarni olgani haqida yozgandi.







