Shuhratbek Qurbonov TBC Bank Uzbekistan boshqaruvi raisi maslahatchisi lavozimini tark etdi. Bu haqda u o‘zining LinkedIn’dagi sahifasida yozdi.

TBC Uzbekistan’dagi faoliyati yakunlangani haqida fikr bildirar ekan, u TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani, TBC Bank xalqaro operatsiyalar bo‘limi rahbari Oliver Xyuz va TBC Bank Uzbekistan raisi Nukri Tetrashviliga minnatdorchilik bildirib, ularning nostandart fikrlashi va istiqbolli yondashuvi sohaga yangicha qarashga ilhom berishini ta’kidladi.

“An'anaviy bank sohasida tajribaga ega bo‘lgan men uchun bu davr haqiqiy raqamli bank qurish nima ekanini qayta anglab yetish imkoniyati bo‘ldi. Yangilangan nigoh va TBC Uzbekistan jamoasiga cheksiz minnatdorlik bilan ketdim”, — deb yozdi u.

Qurbonov keyingi ish joyi haqida ma’lum qilmay, faqat yangiliklarni kuzatib borishga chaqirdi. “Bundan keyin ham qiziq bo‘ladi!”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Shuhratbek Qurbonov 2018-yil dekabridan Milliy banklararo protsessing markazi — Humo to‘lov tizimi operatoriga rahbarlik qilib kelayotgandi. 2025-yil mart oyida aksiyadorlarning navbatdan tashqari yig‘ilishida uni o‘z tashabbusi bilan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

2025-yil 5-maydan boshlab u TBC Bank Uzbekistan boshqaruvi raisining maslahatchisi lavozimida ish boshladi. Ushbu lavozimda u neobank rahbariyatiga biznes segmentini rivojlantirish va to‘lovlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha maslahat berishi kerak edi.


Avvalroq Spot Ulug‘bek Tavakkalov Kapitalbank raisi o‘rinbosari lavozimini tark etgani haqida yozgandi.

U bu lavozimda bir yildan sal ko‘proq ishlagan. Bungacha Tavakkalov SQB, Tenge Bank va Madad Invest Bank‘da faoliyat yuritgan edi.