Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirishga doir takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda tadbirkorlarga ajratilgan, lekin iqtisodiy aylanmaga to‘liq kiritilmagan yer uchastkalari masalasiga alohida e’tibor qaratildi. 2022−2025-yillarda berilgan 11,4 ming gektar yerning 3,1 ming gektarida iqtisodiy faoliyat to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani ta’kidlandi.

Shu bois, yer uchastkalarining haqiqiy holatini onlayn monitoring qilish, ularni tayyor loyihalar asosida auksionga chiqarish va investitsiya kiritish shartini kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Buning uchun E-auksion, Yerelektron, O‘zbekkosmos agentligi, Shaffof qurilish va UzKAD kabi axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilgan holda samarali foydalanilmayotgan yerlarni aniqlash tizimini joriy etish taklif qilindi.

Ushbu yerlarni iqtisodiy aylanmaga kiritishda joylardagi hokimliklarning rolini oshirish topshirildi. Endilikda tadbirkorlik maqsadlari uchun yer maydonlari ruxsat beruvchi hujjatlari bilan birga tayyor biznes loyihasi sifatida auksionga chiqariladi.

Shuningdek, yirik aktivlar, jumladan, UzAuto Motors va uning tarkibidagi korxonalar, Navoiyazot, issiqlik elektr stansiyalarini xususiylashtirishga tayyorlash ishlari haqida axborot berildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligida raqamli texnologiyalar loyiha ofisini tashkil etish taklifi bildirildi. Tizim doirasida xususiylashtirishning barcha jarayonlari onlayn kuzatib boriladi, davlat korxonalarining moliyaviy tahlili va tushumlarni taqsimlash jarayonlariga sun’iy intellekt elementlari joriy qilinadi.

Davlat rahbari iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish, aktivlardan samarali foydalanish va xususiylashtirish jarayonlarini zamonaviy yondashuvlar asosida tezlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Avvalroq Spot Rothschild & Co O‘zbekistondagi yirik korxonalarga IPO o‘tkazishga yordam berishi haqida yozgan edi.