Senatning 14-yalpi majlisida shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonun ma’qullandi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qonunning asosiy maqsadi aholining yashash sharoitini yaxshilash, seysmik jihatdan xavfli va jismonan eskirgan binolarni bosqichma-bosqich yangilash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda shahar muhitini yangi talablar asosida shakllantirishga qaratilgan.
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish jarayonlarining ochiq va shaffof bo‘lishi, renovatsiya dasturi jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan “Shaharsozlik renovatsiyasi” elektron platformasiga joylashtirilishi va OAV hamda vakolatli organlarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilib borilishi alohida belgilanmoqda.
Kompensatsiyaning to‘rt xil shakli nazarda tutilmoqda. U renovatsiya hududidagi yangi yoki boshqa joydagi turar va noturar toifadagi obyektni mulk qilib berish, pul mablag‘lari yoxud kelishuv bitimida nazarda tutilgan boshqa shakllar orqali amalga oshiriladi.
Kompensatsiya shakli mulkdor va Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish direksiyasi o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq ixtiyoriy ravishda tanlanadi. Mulkdorlarga yetkazilgan noqulayliklar uchun kompensatsiya miqdorining 12%i miqdorida bir martalik pul mablag‘lari beriladi.
“Eng muhimi, tenglik va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining huquqlarini himoya qilishning ustuvorligi shaharsozlik renovatsiyasining asosiy tamoyillaridan biri etib belgilanmoqda. Bundan tashqari, ko‘chirish yoki vaqtincha ijaraga chiqish zarurati yuzaga kelganda fuqarolar tayyor hududga, nogironligi bo‘lgan shaxslar esa qulay muhitga ega turar joylarga ko‘chirilishi nazarda tutilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Qonunda mulkdorlar huquqlarining ustuvorligi tamoyili belgilanib, davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarda yuzaga keladigan barcha ziddiyatlar va noaniqliklar mulkdor foydasiga talqin etilishi kafolatlari mustahkamlanmoqda.
Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil sentabr oyida qabul qilingan. Oktabr oyida Senatning Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi qonunni dastlabki tarzda muhokama qilib, “tegishli qarorlar” qabul qilgan edi. Shundan so‘ng qonun loyihasining keyingi taqdiri borasida hech qanday rasmiy xabarlar berilmagan.
Joriy yilnig mart oyida Senat shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasini qaytargani ma’lum bo‘ldi. Matbuot anjumanida Qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov masala ko‘tarilgan vaqtda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyevga Senat hujjatni qaytarganini sekin aytdi. Suhbatning bir qismi (Spot ixtiyorida) ular o‘rtasiga qo‘yilgan mikrofonga tushib qolgan edi. O‘sha vaqtda Spot’ga mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qaytarilgani va qayta ishlangani ma’lum bo‘lgandi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda qurilish obyektlari uchun ekologik talablar kuchaytirilishi haqida yozgan edi.