Avvalroq Spot Oliy Majlis Senati “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ma’qullagani haqida yozgan edi. Hujjat prezident tomonidan imzolanhanidan keyin kuchga kiradi.

Senator, Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev yalpi majlisda so‘zga chiqib, shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi aholining yangi uy-joylarga bo‘lgan ehtiyoji ortib borayotgani sababli mavjud hududlardan samarali foydalanish maqsadida ishlab chiqilganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharsozlik renovatsiyasi — bu shaharsozlik hujjatlari asosida ishlab chiqilgan renovatsiya loyihasiga muvofiq hududni me’moriy, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar majmuidir. Shuningdek, ushbu hududda joylashgan bino va inshootlarni yashash va foydalanish uchun yaroqli, qulay va energiya tejamkor holatga keltirish, ulardan samarali foydalanish, yer uchastkalarini qayta rejalashtirishni nazarda tutadi.

O‘zbekistonda 42 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar mavjud bo‘lib, ularda 1,4 mln xonadon mavjud. Shundan 31 mingga yaqini (taxminan 74%) 1991-yilgacha qurilgan bino va inshootlarni tashkil etadi. Ularni renovatsiya qilish bo‘yicha yagona qonunchilik mavjud emasligi sababli muhandislik kommunikatsiyalariga moslashtirishda muammolar yuzaga kelmoqda.

Erkin Gadoyev qonunsiz renovatsiya loyihalarini amalga oshirishda yuzaga keladigan asosiy muammolarni sanab o‘tdi:

  • davlat, investorlar, huquq egalari va mulkdorlar o‘rtasidagi munosabatlar yetarli darajada shaffof emas;
  • bino-inshoot qurish uchun yerga bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirishda muammolar mavjud;
  • ayrim fuqarolar renovatsiya hududidagi mol-mulk uchun uy-joyning bozor narxidan deyarli 10 baravar ko‘p bo‘lgan kompensatsiya talab qilmoqda;
  • amalga oshirilayotgan uy-joy renovatsiyasi hamda Business City loyihalari ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasiga qo‘shimcha yuklama yaratmoqda.

Nima taklif qilinmoqda?

Senatorning ta’kidlashicha, yangi qonun eskirgan uy-joylarni bosqichma-bosqich renovatsiya qilish va yangi uy-joylarni asosan renovatsiya hisobiga qurish uchun huquqiy asos yaratadi.

Natijada 255 ming xonadonga mo‘ljallangan 17 mingta ikki va uch qavatli uylar o‘rniga 900 ming xonadonga mo‘ljallangan ijtimoiy infratuzilma obyektlari va yashil hududlarga ega 7−9 qavatli uylar quriladi.

Bundan tashqari, qonun bilan renovatsiya loyihalarida davlat, investor va mulkdorlarning ulushdor sifatida ishtirok etish mexanizmi joriy etilmoqda. Ulushli ishtirokda uy-joy egasi yangi qurilayotgan obyektlardan o‘zinikiga teng qiymatli mol-mulkni talab qilishi mumkin bo‘ladi. Shu tariqa renovatsiya jamg‘armasi orqali davlat mulki yoki yer uchastkasining baholangan qiymatidan kelib chiqib, loyihaga investor yoki ulushdor sifatida kirish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.

Olis va chekka hududlarda respublika va hududiy renovatsiyani qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari orqali avariya holatidagi va eskirgan uy-joylarni renovatsiya qilish mexanizmi yaratiladi.

Qonun loyihasi, shuningdek, renovatsiya loyihalarini amalga oshirishni soddalashtiradi, tashabbuskorlar tomonidan mulkdorlarga kompensatsiya berish shakllarini belgilaydi va soliq imtiyozlarini nazarda tutadi.

Loyiha tashabbusi bilan chiqishda uy-joy mulkdorlari bilan yig‘ilishlar o‘tkaziladi, bunda ularning kamida 80%i notarial tasdiqlangan roziligi talab etiladi. Shundan so‘ng tegishli bayonnomalar rasmiylashtirilib, har bir mulkdor bilan alohida ish olib boriladi.

qurilish, renovatsiya, ulushli qurilish, senat

Kompensatsiya to‘lovi kechiktirilgan taqdirda, ko‘plab mulkdorlar loyihada ulushdor sifatida ishtirok etishlari mumkin. Obyekt direksiyaga topshirilgandan so‘ng 24 oy ichida to‘lov amalga oshirilmasa, har bir kechiktirilgan kun uchun 0,05% miqdorida penya to‘lash ko‘zda tutilgan.

Kompensatsiyalar to‘rtta shaklda taqdim etiladi:

  • turar joy;
  • noturar joy;
  • qurilayotgan obyektda ulushli ishtirok etish;
  • pul kompensatsiyasi.

“Bu, albatta, ixtiyoriylik, xususiy mulk daxlsizligi, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida joriy etiladi. Agar taklif kiritish uchun mulkdorlarning kamida 80% ining notarial tasdiqlangan roziligi talab etilsa, buzilish va qurilish ishlari 100% kompensatsiya to‘langandan keyingina amalga oshiriladi. Busiz renovatsiya ishlari amalga oshirilmaydi”, — dedi Erkin Gadoyev.

Kompensatsiya va ijara xarajatlarini qoplashdan tashqari, hujjat mulkdorlarning ko‘chib o‘tishi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun 12% miqdorida bir martalik tovon to‘lovini nazarda tutadi.

Senator tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish haqida gapirar ekan, qurilish boshlanib, mulkdorlarga kompensatsiya to‘liq to‘lab berilgandan keyin investorlarning kafolatlari ta’minlanishini qayd etdi. Qo‘shimcha xarajatlarning oldini olish uchun loyihada ulushdor sifatida ishtirok etayotgan investorlarga ulushlarni taqdim etish soddalashtirilgan va qulay bo‘ladi.

“Bu chora-tadbirlarning barchasi juda katta natijalarga olib keladi, chunki bozor salohiyati yuqori, ya’ni uy-joyga bo‘lgan talab yildan-yilga ortib bormoqda, bu tadbirkorlarning ham ko‘payishiga olib keladi”, — deya xulosa qildi u.

Qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi dastlabki qonun loyihasida uy-joy mulkdorlarining 100% roziligini olish majburiyligi nazarda tutilgan edi. Shu bilan birga, investorlar yoki aholining o‘zlari tashabbus ko‘rsatishi uchun uy-joy egalarining kamida 80%ining notarial tasdiqlangan roziligi talab qilingan.

Joriy yilning mart oyida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov matbuot anjumanida Senat renovatsiya to‘g‘risidagi qonun loyihasini qaytarganini, biroq bu haqda jamoatchilikka e’lon qilinmaganini aytgandi.

“Senat [renovatsiya to‘g‘risidagi qonun loyihasini palataga] qaytargan. Aholi roziligini 100% olishning iloji yo‘q-ku”, — deya shivirladi u Urbanizatsiya va uy-joy milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyevga yuzlanib.

Sherzod Kudbiyev esa o‘shanda qurilish vaziridan hozircha renovatsiya loyihalarini amalga oshirish uchun aholi zarur qismining roziligini olish masalasini ko‘tarmaslikni so‘radi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda qurilish obyektlari uchun ekologik talablar kuchaytirilishi haqida yozgan edi.