Prezidentning “Mamlakatda yangi ishlanmalar asosida ishlab chiqarishni tashkil etish tizimini joriy qilish hamda ilm-fanni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, oliy ta’lim va ilmiy muassasalar muassisligida yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalari tashkil etiladi.

2026-yil 1-maydan boshlab, korxonalar ustav fondidagi davlat ulushini boshqarish funksiyasi ishonchnoma asosida muassislarga beriladi va 5 yil davomida davlat ulushini xususiylashtirish man etiladi.

Spin-offlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va ularning ustav fondidagi davlat ulushini o‘zgartirish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligining qarori talab etilmaydi.

Shuningdek, ularni ta’sis etish Raqobat qo‘mitasi bilan majburiy ravishda oldindan kelishilmasdan amalga oshiriladi.

Spin-off investitsiya bitimlari tasdiqlash uchun tegishli davlat organlarining xulosasini talab qilmaydi. Innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan spin-offni ta’sis etish venchur investitsiyalariga tenglashtiriladi.

Korxonalarning mehnat jamoasi tarkibida muassisning professor-o‘qituvchilari (ilmiy xodimlari) yoki talaba, izlanuvchilari ham faoliyat ko‘rsatishi talab etiladi.

Oliy ta’lim muassasalarida spin-offlarni tashkil etishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari 3-aprel kuni prezident huzuridagi yig‘ilishda muhokama qilindi.

Bu orqali ilm-fan natijalarini amaliyotga joriy etish, texnologik transferni kuchaytirish va universitetlarning tadbirkorlik faolligini oshirish maqsad qilingan.


Avvalroq Spot kelasi o‘quv yilidan ayrim texnikum o‘quvchilariga 1,2 mln so‘mgacha stipendiya berilishi haqida yozgandi.