Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirishga doir takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bugungi kunda iqtisodiyotda davlat ulushi 42% ni, davlat ishtirokidagi korxonalarning soni esa 1 685 tani tashkil etmoqda. 2025-yil qariyb 30 trln so‘mlik davlat aktivlari xususiylashtirilib, budjetga 10 trln so‘mdan ortiq tushum ta’minlandi. Yer uchastkalarini sotish hajmi ham oshib, 6 trln so‘mlik natijaga erishildi.
Xususiylashtirishdan manfaatdorlik tizimi joriy etilib, viloyatlarda 2,6 trln so‘m, mahallalarda esa 7 mlrd so‘m mablag‘ qoldi. Davlat korxonalari esa budjetga 49 trln so‘m dividend to‘ladi. So‘nggi besh yilda xususiylashtirish hisobidan davlat korxonalari soni 60% ga kamaydi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda sohada hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar borligi ko‘rsatib o‘tildi. Xususiylashtirish jarayonlarida ish o‘rinlarini saqlab qolish, yangi mulkdorlar tomonidan zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi va ishlab chiqarish samaradorligi oshirilishi bo‘yicha talablarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. O‘tgan yili samarasiz ishlayotgan davlat korxonalarining soni 362 taga yetgani bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirishni talab qiladi.
Taqdimotda davlat korxonalarini tahlil qilish tizimida raqamli vositalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanilmayotgani qayd etildi.
Moliyaviy holati og‘irlashgan 451 ta korxona 2024-yilda 14 trln so‘m, o‘tgan yili esa 362 ta korxona 4 trln so‘m zarar ko‘rgani aytildi. Shu munosabat bilan davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini chuqur tahlil qilish, moliyaviy barqarorligini baholash va muammolarni barvaqt aniqlashning yangi mexanizmini joriy etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Xususiylashtirishda tahliliy yondashuv yetarlicha qo‘llanilmayotgani qayd etildi. Bundan buyon mazkur jarayon tarmoq yondashuvi asosida tashkil etilib, har bir soha alohida tahlil qilinishi, uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari baholanishi, raqobat muhiti o‘rganilishi hamda takliflar shu asosda ishlab chiqilishi belgilandi.



Hududlarda davlat mulkidan oqilona foydalanish, bo‘sh turgan maydonlarni iqtisodiy faoliyatga jalb qilish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan davlat ko‘chmas mulki obyektlarini bosqichma-bosqich yagona boshqaruv tizimiga o‘tkazish, bir xodimga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha maydonni 27 kvadrat metrdan 12−15 kvadrat metrgacha qisqartirish taklif etildi.
Bu orqali 4,9 mln kvadrat metr maydonni iqtisodiy aylanmaga kiritish, bo‘sh binolarni savdo va ijaraga chiqarish, shuningdek, saqlash va kommunal xarajatlarni qisqartirish imkoniyati yaratiladi.
Avvalroq Spot Rothschild & Co O‘zbekistondagi yirik korxonalarga IPO o‘tkazishga yordam berishi haqida yozgan edi.


