Joriy yil boshidan 32,3 mlrd so‘m QQS turizm, umumiy ovqatlanish va ayrim qishloq xo‘jaligi korxonalariga qaytarildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.

2026-yil 6-aprel holatiga ko‘ra, 15 ta turoperatorga 273,1 mln so‘m, 99 ta mehmonxonaga 1,6 mlrd so‘m va 587 ta umumiy ovqatlanish korxonasiga 25,6 mlrd so‘m QQS qaytarildi.

Shuningdek, 28 ta chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga 1,1 mlrd so‘m hamda 111 ta zargarlik korxonalariga 3,7 mlrd so‘m ajratildi.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va soliq yukini kamaytirish maqsadida budjetga to‘langan QQSning bir qismi quyidagi soha tadbirkorlariga qaytariladi:

  • turoperatorlar va mehmonxonalar;
  • umumiy ovqatlanish korxonalari;
  • chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklari.

Fevral oyida Soliq qo‘mitasi qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishni avtomatlashtirishni rejalashtirayotgani haqida ma’lum qilingandi.

U 2030-yilgacha mo‘ljallangan soliq siyosati strategiyasi doirasida QQS masalasiga to‘xtalib, buni “og‘riqli nuqtalarimizdan biri” deb atadi hamda joriy yildan boshlab QQS bo‘yicha “tubdan” o‘zgarishlar bo‘lishini bildirdi.

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari kontragentlar sababli QQSni hisobga olish masalasida soliq to‘lovchilarining haqli e’tirozlari mavjudligini ta’kidladi. Buning oldini olish uchun elektron hisobvaraq-fakturalar skoringi tizimi joriy etilmoqda.

2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 252,4 mingdan ortiq QQS to‘lovchilari mavjud. O‘tgan yil davomida ularning soni chorakdan ko‘proqqa oshdi. QQS to‘lovchilarning eng ko‘pi savdo (89,5 ming), qishloq xo‘jaligi (50 ming) va sanoatda (29,5 ming) ishlaydi.


Avvalroq Spot Soliq qo‘mitasi QQS va foyda solig‘i stavkalari pasaytirilishi mumkinligini istisno qilmagani haqida yozgandi.