Avvalroq Spot Senatning 14-yalpi majlisida shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonun ma’qullangani haqida yozgandi. Qonunning asosiy maqsadi aholining yashash sharoitini yaxshilash, seysmik jihatdan xavfli va jismonan eskirgan binolarni bosqichma-bosqich yangilash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda shahar muhitini yangi talablar asosida shakllantirishga qaratilgan.

Senator, Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a’zosi Zumrad Bekatovaning ma’lum qilishicha, qonun loyihasida shaharsozlik renovatsiyasi dasturiga kiritilgan loyiha uchinchi shaxslar tomonidan ularning hisobidan moliyalashtirishga to‘liq tayyor bo‘lgan holda taklif etilsa, tanlov o‘tkazish nazarda tutilmagan.

U Adliya vazirligiga quyidagi savollarni berdi:

  • uchinchi shaxslardan qandaydir kafolatlar talab qilinadimi;
  • nima uchun salohiyatli investorlar va qurilish tashkilotlarini tanlash uchun elektron onlayn-auksionlar o‘tkazish nazarda tutilmagan?;
  • tanlov o‘tkazilmasligi kelgusida korrupsiyaviy xavf-xatarlarga olib kelmaydimi;
  • nima uchun qonunda Shaffof Qurilish tizimi orqali qurilish tashkilotlarini aniqlash nazarda tutilmagan?

renovatsiya, adliya vazirligi, senat

Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari Mahmud Istamov senatorning savollariga javob berar ekan, loyihani taklif qilgan va uni to‘liq o‘z mablag‘lari hisobidan, tashqi manbalarni jalb qilmasdan moliyalashtirishga tayyor bo‘lgan investor renovatsiya loyihasini tanlov o‘tkazmasdan olishi mumkinligini tasdiqladi.

“Qonunni ishlab chiqish jarayonida bu masala ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ma’lumki, har qanday loyihani boshlash uchun muayyan mablag‘ va xarajatlar, jumladan, renovatsiya konsepsiyasini ishlab chiqish, har bir mulkdor bilan muzokaralar olib borish, loyihaga o‘zgartirishlar kiritish talab etiladi. Bu kafolat tadbirkorlar va investorlarning manfaatdorligini oshirish maqsadida berilmoqda”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, investorlarga imkoniyat berilganiga qaramay, ularning mas’uliyati saqlanib qolmoqda.

Mulkdorlar huquqlarini himoya qilish kafolatlari orasida obyektni topshirish kechiktirilganda penya to‘lash, uch tomonlama shartnoma tuzish, hududiy renovatsiya jamg‘armasining javobgarligi, loyiha amalga oshirilmagan taqdirda esa tanlov o‘tkazish va boshqa investorni jalb qilish kabilar bor.

Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari oddiy auksionda narx asosiy omil bo‘lishini ta’kidladi. Biroq, renovatsiya loyihalari nafaqat qiymati bilan baholanadi: ko‘kalamzorlashtirish darajasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining xususiyatlari va ijtimoiy infratuzilmaning sifati hisobga olinadi.

“Qiymat bilan birga barcha jihatlarni kompleks baholash asosida ongli ravishda qaror qabul qilish imkoniyati yaratilmoqda”, — deya xulosa qildi Istamov.

Senat raisi Tanzila Norboyeva Adliya vazirligiga renovatsiya loyihalarida korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuzaga kelishining oldini olish bo‘yicha takliflar kiritishni tavsiya qildi.

Bunga javoban Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari investorlarni tanlash tartibiga oid Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini ishlab chiqishda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni hisobga olishga va Shaffof qurilish tizimidan foydalanish darajasini aniqlashga va’da berdi.


Avvalroq Spot renovatsiya uchun mulkdorlarning 80% roziligi talab etilishi haqida yozgandi.

Buzish va qurish ishlari uy-joy egalariga kompensatsiya to‘liq to‘lab berilgandan so‘ng amalga oshiriladi.