1-apreldan O‘zbekistonda alkogol va tamaki mahsulotlarini naqd pulga sotish taqiqlandi. Endi bunday xaridlarni faqat naqd pulsiz amalga oshirish mumkin. Shuningdek, uy-joy va avtomobillarni ham naqd pulga sotib olish mumkin emas. Ushbu chora aksiz tovarlar aylanmasi ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan bo‘lsa-da, amalda restoran va barlar faoliyatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.

Muassasalar ish jarayonlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lmoqda. Hisob alkogol va boshqa yeguliklarga ajratilib, mijozlardan to‘lov usuli oldindan so‘raladi va yangi qoidalar tushuntiriladi. Natijada ofitsiantlar hisob-kitobga ko‘proq vaqt sarflamoqda, xatolar esa mijozlar bilan nizolarga sabab bo‘lishi mumkin.

Spot restoran biznesi egalari va soha vakillari bilan naqd pulsiz to‘lov jarayoni hamda bu jarayonda yuzaga kelayotgan muammolar haqida suhbatlashdi.


alkogol, caravan group, choykoff, moloko, naqd pulsiz to‘lovTemur Musin,

Caravan Group restoranlar tarmog‘i va Palove muzeyi asoschisi.

1-apreldan restoranlarda mijozlarni kutib olish qiyinlashdi. Ilgari ular ovqatlanish, hordiq uchun kelgan bo‘lsa, bugun “raqamli boshog‘riq” bilan yuzlashmoqda. Ichkilik ichmoqchimisiz? “To‘xtang! Avvaliga to‘lov vositasini ko‘rsating!”.

Mijozda karta bo‘lsa u “baxtli” odam. Faqat o‘sha karta to‘lov vaqtida pand bermasa bo‘ldi. Agar mehmon telefonidagi QR-kod bilan to‘lamoqchi bo‘lsa, butun jamoa bo‘lib “internet va rouming ruhini” chaqira boshlaymiz: aloqa qidiramiz, Rahmat, Click yoki Payme orqali to‘lov qilishga urinamiz. Ba’zan esa mijozga ilovani yuklab olishiga va uni tushunishiga yordam berishimizga to‘g‘ri keladi. Bu qiyinchiliklar yetmagandek, qo‘shimcha xarajat ham qilamiz: QR yoki Rahmat komissiyasi bu aylanmaning yana 2% atrofidagi qismi degani.

Oddiy tushlik yoki kechki ovqatning o‘zi mehmonlar uchun o‘ziga xos “karta kvesti"ga aylanib qolmoqda. Bu yil aprel oyidagi sayyohlar esa alohida bir boshog‘riq bo‘ldi. Ayniqsa, Rossiya, Eron va Shimoliy Koreyadan kelganlar. Sayyoh naqd pul bilan kelsa-da, uning Visa, Mastercard yoki Apple Pay kabi kartalari sanksiyalar tufayli ko‘pincha bir parcha yaroqsiz plastikka aylanib qolyapti. Ilgari naqd pul vaziyatni qutqarardi. Endi esa unday emas.

Biz aslida kechki ovqatning o‘zini emas, balki ATTO kartasi yoki boshqa biror narsani xarid qilish orqali unga bo‘lgan huquqni sotyapmiz. Azaldan o‘z mehmondo‘stligi bilan mashhur bo‘lgan O‘zbekiston esa endi go‘yo shunday deyapti: “Marhamat, aziz mehmonlar, o‘tiringlar, lekin avval bank tizimi mijoziga aylaning. Hisobingizni to‘ldiring, SMS kelishini kuting va omadingiz kelsa, issiq ovqatga biror nima ham quyib berarmiz”.

Tig‘iz paytlarda restoran xodimlari mehmonlarning qulayligini emas, balki “ikki tomonlama buxgalteriya"ni yuritishni o‘ylashga majbur. Bitta stol ikkita chekka bo‘linishi kerak: biri taomlar uchun, ikkinchisi spirtli ichimliklar, sigaret yoki chilim uchun. Ofitsiant esa kassa va mehmon o‘rtasida go‘yoki dushman ortidagi desantchidek zir yuguradi.

Xo‘sh, bazm avjida mehmon yana bir qadah ichishni xohlab qolsa-yu, kutilmaganda kartasida pul tugab qolgan bo‘lsa, nima qilish kerak? Shunday vaziyatda bazm tugadi, hisob. Mehmon yo kartasini to‘ldiradigan joy qidirib ketishi, yo shishaga uzoqdan termulib o‘tirishi kerak bo‘ladi. Ko‘rinib turibdiki, bu endi xizmat ko‘rsatish emas, qandaydir raqamli parhezga o‘xshaydi.

Biz “oqartirish"ga qarshi emasmiz, aksincha, uning tarafdorimiz. Ammo tartibga solish bosimi sog‘lom fikrlashdan ustun bo‘lsa, bu endi hamkorlik emas, balki ovchining qafasiga o‘xshab qoladi.

Jarima tizimi, ochig‘ini aytganda, jazolashga qaratilgan. Bir ofitsiant yoki hisobchining xatosi tufayli tadbirkor qanchadan-qancha jarima to‘lashiga to‘g‘ri keladi? To‘g‘ri, ularni o‘zimiz ishga olganmiz, lekin bunday choralar eng asosiy narsa biznes bilan shug‘ullanish, ish o‘rinlari yaratish va sohani rivojlantirish ishtiyoqini so‘ndiradi. Aynan shu sababli sarmoyadorlar bu sohaga kirishga shoshilmayapti, kredit foizlari esa yillik 28% gacha yetmoqda. Tavakkalchilik haddan tashqari yuqori.

Soliq to‘lashga tayyormiz, faqat tushunarli tizim yarating, masalan, keshbek o‘yinlarisiz oddiy 5% lik QQS kabi. Biz “Tungi Toshkent"ni istaymiz, ammo shunday bo‘lsinki, tungi soat ikkida biznikiga ekskavator emas, mehmon kirib kelsin.

Yangi formatdagi ishning ilk bir necha kunlik tajribasidan kelib chiqib, bir narsani ayta olamiz: tadbirkorlarning sochiga oq oralaydi, mehmondo‘stlik esa borgan sari soliq hisobotini topshirishga o‘xshab bormoqda.

Yakunda raqamli tizimlarni joriy etish, ularni boshqarish davlatga soliqlardan tushadigan daromaddan ko‘ra qimmatga aylanmoqda. Davlat monitoring tizimlarini ishlab chiqish hamda inspektorlar shtatini, jumladan, transport va infratuzilmani ta’minlash uchun millionlab mablag‘ sarflasa, bunday sarmoyaning qoplanishi yomonlashadi. Natijada davlat IT va nazorat xarajatlari tufayli minusga kirsa, biznes doimiy bosim va tushkunlik holatiga tushib qoladi.

Taklifimiz oddiy: keling, muzokaralar stoliga o‘tiraylik. Bir tomonda tadbirkorlar, ikkinchi tomonda SES, soliq idorasi, IIV va hokimiyat vakillari bo‘lsin. Axir, restoran biznesi mamlakatning turizmdagi yuzi-ku. Bizga ishlash imkonini bering. Mijozga o‘zi xohlaganicha to‘lashga ruxsat bering.

Hozircha esa chidab turibmiz. Internet va ATTO kartalari tayyor. Xullas, hozircha, yumor hali raqamli markirovka solig‘i solinmagan yagona boyligimizdir.


alkogol, caravan group, choykoff, moloko, naqd pulsiz to‘lov

Alina Simerman,

ChoyKof qahvaxonalari tarmog‘i va Moloko qahvaxonasining boshqaruvchi hamkori.

Shaxsan men uchun naqd puldagi to‘lovlarni cheklash bilan qanday maqsad ko‘zlanayotgani hozircha tushunarsiz. Gap shundaki, aksiz/markali mahsulotlarning harakati shundoq ham to‘liq shaffof. Nazarimda, bu chora hozircha zanjirning barcha ishtirokchilariga noqulaylik tug‘dirishdan boshqa hech qanday foyda keltirmaydi.

Amalda bu holat muassasalarimiz ishiga allaqachon o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Spirtli ichimliklarga buyurtma berilganda, mehmonlarni oldindan ogohlantirishimizga to‘g‘ri kelyapti va ularda naqd pulsiz to‘lov vositalari bo‘lmasa, xizmat ko‘rsatishni rad etishga majbur bo‘lyapmiz. Bu esa servis sohasidagi muassasa uchun noodatiy hisoblanadi, chunki servis iste’molchi uchun maksimal qulaylik yaratishni nazarda tutadi.

Hisob-kitoblar ham murakkablashdi: hozir hisob-kitoblarni spirtli ichimliklar va boshqalarga bo‘lishga majburmiz. Bu esa shusiz ham murakkab bo‘lgan operatsion ishni yanada qiyinlashtiradi.

Ofitsiantlar va kassirlar ham oddiy insonlar, ular ham bir vaqtning o‘zida ko‘plab ishlarni bajarish va turli cheklovlar sharoitida adashishi tabiiy. Bu esa, o‘z navbatida, soliq organlarining qo‘shimcha e’tiboriga yoki sanksiyalariga sabab bo‘lishi mumkin.

Hozircha bir necha kun o‘tdi, xolos. Biz faqat aksiz mahsulotlari sotishga ixtisoslashmaganmiz, shu sababli keng ko‘lamli o‘zgarishlar haqida gapirishga hali erta. Lekin, nazarimda, alkogol va tamaki mahsulotlariga ixtisoslashgan muassasalarda allaqachon jiddiyroq qiyinchiliklar va noxush holatlar yuzaga kelayotgan bo‘lsa kerak.

Bizda hozircha sayyohlar bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelmadi, ammo mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, mehmonxonalarda bunday qiyinchiliklar talablar kuchga kirishi bilan deyarli darhol paydo bo‘lgan. Ayrim holatlarda mini-barlardan spirtli ichimliklar olib qo‘yilgan, bu esa, shubhasiz, daromadga va oqibatda soliq tushumlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

Mijozlar bilan kelishmovchiliklarni kamaytirish uchun barcha hisobchilarga prezident farmonining bosma nusxasini joylashtirdik. Bu bizning o‘zboshimchaligimiz yoki muassasaning ichki qarori emas, balki qonunga bo‘ysungan holda biz bajarayotgan majburiy talab ekanini tushuntirishga yordam beradi.

Davlat idoralari bilan o‘zaro hamkorlikdan hozircha faqat soliq xizmatining 1-apreldan boshlab aksizli mahsulotlar uchun naqd to‘lov qabul qilishni taqiqlash to‘g‘risidagi ogohlantirishini oldik. Hozircha tekshiruv o‘tkazilmadi.

Nazarimda, bu chora ishni juda murakkablashtiradi, u qanday maqsadni ko‘zlaganini tushunishni istardim. Balki, biznes va mijozlar uchun qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirmasdan ham bu maqsadlarga erishishning boshqa yo‘llari bordir.


alkogol, caravan group, choykoff, moloko, naqd pulsiz to‘lov

Sanjar Maqsudov,

Smart Group restoranlar tarmog‘i asoschisi (Turka Saray, Steam, Brasil, RibaLove, Tandiriy restoranlari, Jowi IT platformasi).

Yangi chora mijozlar uchun ham, xodimlar uchun ham muammo tug‘dirmoqda. Butun jarayon murakkabliklar, ortiqcha bosh og‘rig‘iga olib kelmoqda.

Ofitsiant mijozni bizda alkogolli ichimliklar uchun to‘lov faqat karta orqali ekanligi haqida oldindan ogohlantirishi kerak. Agar buyurtmada alkogol bo‘lsa-yu, mehmon uning bir qismini naqd to‘lamoqchi bo‘lsa, har safar hisobni bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Bizga, ya’ni IT-mahsulot ishlab chiquvchilariga, tizimni o‘zgartirib, uni shu talablarga moslashtirishga to‘g‘ri keldi.

Pivo teatri'da bu unchalik dolzarb emas, chunki u yerda sayyohlar kam. Ammo Tandiriy'da bu dolzarb, sababi u yerga Rossiyadan mehmonlar ko‘p keladi va ularda ko‘pincha mos bank kartalari bo‘lmaydi. Bunday hollarda qandaydir yo‘l topishga to‘g‘ri keladi, chunki ular faqat naqd pul bilan to‘lov qila oladi. Aytgancha, O‘zbekistondagi eng ko‘p sayyohlar aynan Rossiyadan keladi, bu borada nimadir qilish kerak.

Rostini aytsam, buning nima uchun qilinganini unchalik tushunmayapman. Chunki, shundoq ham markirovka bor, u skanerdan o‘tkazilishi shart va usiz mahsulotni sotib bo‘lmaydi. Har qanday holatda ham barcha ma’lumotlar soliq idoralariga ketadi. Shuning uchun, nazarimda, bu chorani bekor qilgan ma’qul.