Toshkentda yirik miqdordagi noqonuniy kriptoaktivlar aylanmasini amalga oshirgan shaxs ushlandi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Yashnobod tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘linmasi xodimlari tomonidan tezkor qidiruv tadbirlari o‘tkazildi.

Unda 2004-yil Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, hozirda Toshkentda yashovchi fuqaro Beknazarovning iPhone 17 Pro rusumli telefoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Natijada fuqaro turli ilova va akkauntlar orqali katta miqdorda kriptoaktivlar aylanmasi bilan shug‘ullangani aniqlandi. Unga nisbatan kerakli hujjatlar to‘planib, Yashnobod tumani tergov bo‘limiga topshirildi.

Gumonlanuvchi noqonuniy kirim-chiqim operatsiyalarini amalga oshirib, jami 556 121 USDT (6,78 mlrd so‘m) dan ko‘proq mablag‘ni P2P-o‘tkazmalari orqali o‘zlashtirgan.

“HTX va Bitget kriptobirjalarida P2P amaliyotlarini bajardim. Shug‘ullanayotganimda noqonuniyligini bilmasdim. Ichki ishlar xodimlari bu noqonuniyligi, uning oqibatlari nimalarga olib kelishini tushuntirishdi. Qilgan ishimdan pushaymonman, bu ishni boshqa qilmoqchi emasman”, — deydi fuqaro.

Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278⁸-moddasi bilan, ya’ni kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikning buzilishi jinoyatini sodir etganligi uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan. Tergov davom etmoqda.

Bundan oldin Toshkentda noqonuniy kriptosavdo bilan shug‘ullangan shaxslar ushlangandi. Gumonlanuvchilar qariyb olti oyda 9,7 mlrd so‘mlik kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirgan.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda tashqi va chakana savdoda kriptovalyuta to‘lovlari sinovdan o‘tkazilayotgani haqida yozgandi.