Uzbekistan Airways va O‘zavtosanoat rahbarlari o‘z lavozimlarini yana uch yilga saqlab qoladi. Bu haqda Yagona korporativ axborot portali ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

Mart oyi oxirida Ulug‘bek Rozukulov uch yil muddatga O‘zavtosanoat boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlandi.

Shuningdek, boshqaruv raisi o‘rinbosarlari Davron Hidoyatov, Bahodirjon Rahmonov, Diyor Muhamedov va Farhod To‘rayevning vakolatlari bir yilga uzaytirildi.

Ulug‘bek Ro‘ziqulov O‘zavtosanoat raisi lavozimida 2023-yilning 24-martidan buyon ishlab kelmoqda. U bundan avval ham, 2007−2008-yillarda xolding kompaniyasiga rahbarlik qilgan.

Aprel oyi boshida Uzbekistan Airways aksiyadorlarining navbatdan tashqari yig‘ilishida Shuhrat Xudayqulovni uch yil muddatga boshqaruv raisi etib saylash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. U milliy aviakompaniyani 2023-yilning mart oyidan beri boshqarib keladi.


Avvalroq Spot Shuhratbek Qurbonovning TBC Bank Uzbekistan raisi maslahatchisi lavozimini tark etgani haqida yozgandi.