O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi investitsiya platformasi joriy yil oxirigacha ishga tushadi. Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Joriy yilning 7-aprel kuni AQSH Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh direktori Ben Blek bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda tomonlar O‘zbekiston-AQSH yirik loyihalar portfelini muhokama qilindi.

Prezident administratsiyasi rahbari DFC O‘zbekistonga amerikalik sarmoyadorlarni jalb etishga ko‘maklashishi hamda investitsiyaviy xatarlarning bir qismini o‘z zimmasiga olishini qayd etdi.

“Joriy yilda qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirishni rejalashtirmoqdamiz”, — deb yozdi u.

Shuningdek, Saida Mirziyoyeva AQSH savdo vakili, elchi Jeymison Grir bilan o‘tkazilgan uchrashuvda amerikalik investorlarning O‘zbekistonga nisbatan ortib borayotgan qiziqishini muhokama qildi.

Ikki tomonlama savdo munosabatlarini o‘zaro manfaatli asosda tartibga soluvchi kelishuvlar ustida ish olib borilayotgani ma’lum qilindi.

“O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lidagi intilishlarini qo‘llab-quvvatlagani uchun elchi janoblariga o‘z minnatdorligimni bildiraman”, — dedi Mirziyoyeva.

Bundan avvalroq Vashingtonda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan biznes-nonushta formatida uchrashuv tashkil etilgandi.

Unda Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi yig‘ilishi natijalari ko‘rib chiqildi hamda iqtisodiy loyihalar portfeli kengayib borayotganini qayd etildi.

Joriy yilning fevral oyida Shavkat Mirziyoyev Vashingtonga amaliy tashrifi doirasida AQSH savdo vaziri Xovard Latnik bilan kechgan uchrashuvda loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etilgan Ishbilarmonlik kengashining imkoniyatlaridan foydalanish va Investitsiya platformasini ishga tushirish zarurligi ta’kidlangandi.

Avvalroq Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi rasman o‘z faoliyatini boshlagani haqida xabar berilgandi.