Qalbaki hujjatlar orqali 2 mlrd so‘m QQSni qaytarish sxemasi fosh etildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy, Toshkent va Andijon viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish yo‘nalishida Chirchiq shahrida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Toshkent viloyatidagi korxonaning muqaddam sudlangan xodimi Navoiy viloyatidagi xususiy korxona ish boshqaruvchisining ishonchiga kirgan. U 2025−2026 yillarda 20 mlrd so‘m atrofidagi tovar aylanmasi to‘g‘risida qalbaki hujjatlar rasmiylashtirib, korxona hisobiga budjetdan 2 mlrd so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini soliq idoralaridagi tanishlari ko‘magida qaytarib olishga yordam berishini aytgan. Ushbu “xizmat haqi” evaziga 340 mln so‘m talab qilgan.

QQSni korxona hisob raqamiga tushirib berish bilan bog‘liq barcha soxta amaliyotlarni uning sherigi — Andijon shahrida yashovchi, yakka tartibdagi tadbirkor amalga oshiradi. Tadbirkor o‘ziga tanish bo‘lgan korxona va Navoiydagi xususiy korxona o‘rtasida elektron shartnoma rasmiylashtiradi.

Natijada go‘yoki qiymati 18 mlrd 670 mln so‘mlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirilganligi, transport xizmati ko‘rsatilganligi va qurilish materiallari yetkazib berilganligi to‘g‘risida 10 ta soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirib, 2 mlrd so‘m QQS qaytariladi.

Shundan so‘ng talab qilingan pul mablag‘ini ular o‘zlarining jinoiy sheriklari — Qibray tumanida yashovchi, muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxs va Andijon shahrida istiqomat qiluvchi muqaddam bir necha marotaba sudlangan fuqaro orqali olgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Aniqlanishicha, ushbu shaxslar talab qilingan 340 mln so‘mni o‘zaro taqsimlab olishlari kerak bo‘lgan.

To‘rt nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov doirada ularning noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan soliq idoralaridagi tanishlarini aniqlash bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Samarqandda Starlink qurilmasini noqonuniy olib kirmoqchi bo‘lgan shaxs to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi.