Prezident Shavkat Mirziyoyev elektron tijoratni rivojlantirish va bond omborlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Unda so‘nggi sakkiz yilda mamlakatda elektron tijorat hajmi 20 barobar o‘sib, $1,3 mlrdga yetgani, raqamli platformalar soni 120 tadan ziyodni tashkil etgani qayd etildi.
O‘zini o‘zi band qilish tartibining kengaytirilgani, litsenziyalash va soliqqa tortishning soddalashtirilgani hisobiga sohada 750 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratilgan, budjetga esa har yili 200 milliard so‘m qo‘shimcha soliq tushumlari taʼminlanmoqda.
Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishda hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi taʼkidlandi. Xususan, O‘zbekistonda elektron tijoratning chakana savdodagi ulushi 4−4,6%ni tashkil etib, jahondagi o‘rtacha 21%lik ko‘rsatkichdan 5 barobar kam ekani ko‘rsatib o‘tildi. Mamlakatda ushbu ulushni 9−11% ga yetkazish uchun yetarli salohiyat mavjud.
Taqdimotda elektron tijorat infratuzilmasini rivojlantirishda import tovarlarini bojxona to‘lovlari va soliqlarini kechiktirilgan tartibda to‘lash sharti bilan bojxona nazorati ostida saqlashga mo‘ljallangan maxsus ombor — bond omborlar tashkil etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlanganidek, tovar uchun boj to‘lovlarini uni sotish paytida amalga oshirish tizimini joriy etish orqali kamida $500 mln investitsiya jalb qilish uchun sharoit yaratish mumkin. Bunday amaliyot Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya, Germaniya va Singapur kabi mamlakatlarda keng qo‘llanilayotgani qayd etildi.


Bugungi kunda O‘zbekistonda omborlarning umumiy maydoni 634 ming kvadrat metrni tashkil qilib, shundan 72%i Toshkent shahri va viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi. Mavjud omborlarning atigi 34%i zamonaviy “A” toifasiga mansub.
Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatimizda barqaror iqtisodiy o‘sishni taʼminlash uchun keyingi besh yilda 2,5 mln kvadrat metr zamonaviy omborlar talab etiladi.
Shu munosabat bilan yurtimizda yirik xalqaro marketpleyslarning zamonaviy omborlar tarmog‘ini kengaytirish taklif etildi.
Raqamli platformalarni hamda bond omborlarni soliq va bojxona tizimlari bilan chuqur integratsiya qilish zarurligi taʼkidlandi. Taqdimotda 2026−2028-yillar davomida tajriba tariqasida “import-bond ombori-maxsus elektron savdo platformasi-isteʼmolchi” zanjiri asosida yangi mexanizmni joriy etish taklifi bildirildi.
Unga ko‘ra, tovarlar bond omboriga joylashtiriladi, maxsus elektron savdo platformasi orqali sotiladi, bojxonada deklaratsiyalash va boj to‘lovlari esa bevosita sotuv bosqichida amalga oshiriladi. Bunday platformalar va omborlar tegishli reyestrlarga kiritilib, Bojxona qo‘mitasida hisobga qo‘yiladi.
Shuningdek, bond omborlari mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun tashqi bozorlarga chiqishni yengillashtirishi, aylanma mablag‘larga tushadigan yukni kamaytirishi, logistika xarajatlarini pasaytirishi va eksport raqobatbardoshligini oshirishi taʼkidlandi.
Davlat rahbari elektron tijoratni iqtisodiyotning muhim drayverlaridan biriga aylantirish, mazkur sohada zamonaviy infratuzilmani yaratish, raqamli platformalar faoliyati uchun qulay va shaffof muhit shakllantirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Avvalroq Spot marketpleys eksportchilari uchun soliq imtiyozlari olishda bojxona deklaratsiyasi talab qilinishi mumkinligi haqida yozgandi.
Savdo platformalari, buyurtmalar agregatori operatorlari hamda raqamli striming xizmati uchun maxsus huquq va majburiyatlar joriy etiladi.

